17:01 / 13.05.2020
89433

Samarqandda 34 kishiga koronavirus yuqishiga sababchi bo‘lgan shifokorga jinoyat ishi ochildi

Samarqanddagi tibbiy muassasalarning birida bo‘lim mudiri vazifasida ishlayotgan fuqaro koronavirus infeksiyasi belgilarini his qilgani holda, tibbiy tekshiruvdan o‘tmasdan uy sharoitida davolana boshlagani aniqlangan. 

Foto: Reuters

Samarqand viloyati prokuraturasi axborot xizmati viloyatdagi tibbiyot xodimlardan biri 34 kishiga koronavirus yuqishiga sababchi bo‘lgani, unga jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, viloyat hududida Covid-19 keltirib chiqaruvchi koronavirus infeksiyasi tarqalib ketishining oldini olish va uning manbasini aniqlash bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar va tibbiyot xodimlari hamkorligida tuzilgan «Ishchi guruh» a'zolari tomonidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilgan.

Surishtiruv yakunlariga ko‘ra, fuqaro X.D. tuman tibbiyot birlashmasida bo‘lim mudiri vazifasida ishlab kelib, joriy yilning 20 aprel kunidan sog‘ligida o‘zgarish boshlanib, o‘zida yo‘tal, tana haroratining 39°S gacha ko‘tarilishi, nafas qisishi kabi Covid-19 infeksiyasi kasalligi belgilarini his qilgani holda ushbu kundan uy sharoitida davolana boshlaganligi aniqlangan.

X.D. shifokor bo‘la turib o‘zi koronavirus infeksiyasi kasalligiga chalinganini gumon qilgan bo‘lsa-da, karantin sharoitida tegishli tartibda davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvidan o‘tmasdan, 20 apreldan 27 aprelga qadar tegishli tartibda tez tibbiy yordamga murojaat qilmasdan, uy sharoitida o‘zboshimchalik bilan, yashirincha o‘zini o‘zi davolash bilan shug‘ullanib, sanitariyaga oid qonun hujjatlarni qo‘pol ravishda buzgan.

Oqibatda, X.D. belgilangan tartibda o‘zini va boshqalarni himoyalash, kasallik yuqtirmaslik choralarini ko‘rmasdan, u bilan doimiy muloqotda bo‘lgan turmush o‘rtog‘i va boshqa qarindoshlari, o‘zi davolab kelgan bemor va hamkasblaridan iborat jami 11 nafar kishiga, shuningdek ular orqali yana 23 kishiga o‘ta xavfli bo‘lgan yuqumli kasallikni yuqtirib, kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lgan shaxslar doirasini hamda borilgan joylar haqidagi ma'lumotlarni qasddan yashirib, jami 34 nafar kishi Covid-19 infeksiyasi bilan kasallanishiga sababchi bo‘lgan.

X.D. orqali kasallik yuqtirgan jami 34 nafar shaxsning barchasi karantinga olinib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.

12 may kuni X.D.ga nisbatan JKning 257-1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonun hujjatlarni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalari buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishining tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan.

Qayd etish kerakki, Samarqand viloyati so‘nggi kunlarda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq yangi holatlar bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Koronavirus infeksiyasi yuqtirib, hali tuzalmagan bemorlar soni bo‘yicha ham viloyat so‘nggi o‘rinlardan birida turibdi.

  • Viloyatda shu paytga qadar 204 holatda kasallik qayd etilgan, ulardan hozirgacha 103 nafar bemor butunlay ushbu infeksiyadan sog‘aygan, ayni paytda viloyatda 101 nafar bemor davolanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 12 may kuni Samarqandda karantin choralari yana kuchaytirilishi ma'lum qilindi. Unga ko‘ra, 13 maydan shaharga kirish va shahardan chiqishda nazorat kuchaytiriladi, shahar ichida avtomobilda stikersiz harakatlanish taqiqlanadi, faoliyatiga ruxsat berilgan tadbirkorlik sub'yektlari har bir mijoz haroratini o‘lchab, ularga bepul yangi niqob va qo‘lqop tarqatishi shart hisoblanadi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top