00:24 / 13.05.2020
125577

Samarqandda yangi holatlar soni tez o‘smoqda, Navoiyda yana 9 kishi virusdan zararlangan

Samarqand va Navoiy viloyatlarida epidemiologik vaziyat og‘irlashishi davom etmoqda. Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida esa so‘nggi kunlarda yangi zararlanish holatlari qayd etilmadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayevning telegram kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvali keltirildi.

Unga ko‘ra, ayni vaqtga kelib O‘zbekistonda koronavirus bemorlarining 80 foiz qismi tuzalgan. Hududlar kesimida olinsa, bu borada eng yaxshi ko‘rsatkichlar Buxoro (97 foiz), Andijon (96 foiz), Farg‘ona (95 foiz) va Qoraqalpog‘istonda (93 foiz) nisbatan yaxshiroq. Ammo so‘nggi ikki kun ichida Andijon va Qoraqalpog‘istonda 3tadan yangi zararlanish holatlari qayd etilgan, Farg‘onada 6 maydan buyon, Buxoroda esa 9 maydan buyon yangi holatlar qayd etilmagan va bu hududlar tez orada koronavirusdan xoli hududga aylanishi kutilmoqda.

So‘nggi ikki kun ichida eng ko‘p zararlanish holatlari Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida qayd etilgan - jami 74 kishiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan. Ammo Sog‘liqni saqlash vazirligining aniqlik kiritishicha, bu yangi holatlar asosan xorijdan kelib, karantinga olingan va koronavirus uchun test o‘tkazilganlar bilan bog‘liqdir.

Shuningdek, Samarqand viloyatida bemorlar soni tez o‘smoqda - so‘nggi ikki kunda yana 31 kishida virus aniqlanib, viloyatdagi zararlanish holatlari soni 204 nafarga yetgan. Bemorlarning 94 nafari tuzalgan, lekin viloyat tuzalish ko‘rsatkichi bo‘yicha eng yomon natijalardan birini qayd etmoqda - 46 foiz.

Tuzalish ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yomon holat Navoiyda - 12 foiz. Bir muddat koronavirusdan xoli hudud bo‘lib turgan bu viloyatda 9 may kuni yana yangi holatlar aniqlangandi. Dastlab 6 kishida virus qayd etilgandi, 11-12 may kunlari bemorlar soni 9 nafarga oshdi va ayni vaqtda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 15 bemor davolanmoqda.

So‘nggi ikki kun davomida Namangan (+6), Sirdaryo (+7) va Surxondaryoda (+3) ham yangi holatlar qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 11 may kuni Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan, Navoiy viloyatidagi «cariq» toifadagi Zarafshon shahri «qizil» hudud etib belgilangandi.

12 may kuni esa Samarqandda karantin choralari yana kuchaytirilishi ma'lum qilindi. Unga ko‘ra, 13 maydan shaharga kirish va shahardan chiqishda nazorat kuchaytiriladi, shahar ichida avtomobilda stikersiz harakatlanish taqiqlanadi, faoliyatiga ruxsat berilgan tadbirkorlik sub'yektlari har bir mijoz haroratini o‘lchab, ularga bepul yangi niqob va qo‘lqop tarqatishi shart hisoblanadi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top