10:41 / 13.05.2020
5314
Sodiq Safoyev Fulvio Martushello bilan muzokaralar o‘tkazdi

O‘zbekiston tomoni pandemiyaning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga ta'sirini kamaytirish uchun 36 mln. yevro miqdorida moliyaviy yordam taqdim etishga tayyorligi uchun Yevropa ittifoqiga minnatdorlik bildirdi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Shu yil 12 may kuni Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘uliston bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisi Fulvio Martushello (Italiya) bilan videokonferensiya shaklida muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni, shu jumladan ikki tomonlama parlamentlararo aloqalar sohasidagi munosabatlarni rivojlantirish to‘g‘risida batafsil fikr almashildi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

F.Martushello koronavirusning tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekistonda ko‘rilayotgan chora-tadbirlardan xabardor etildi. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston tomoni pandemiyaning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga ta'sirini kamaytirish uchun 36 mln. yevro miqdorida moliyaviy yordam taqdim etishga tayyorligi uchun Yevropa ittifoqiga minnatdorlik bildirdi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Yevroparlament deputati shu yil mart oyida Toshkentda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi loyihasi yuzasidan o‘tkazilgan O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi muzokaralar yakunlariga ijobiy baho berdi. Mazkur muzokaralar davomida tomonlar ushbu keng qamrovli loyihaning ko‘plab muhim masalalarini kelishib olishga muvaffaq bo‘ldilar.

F.Martushello O‘zbekistonning GSP+ preferensial savdo maqomiga ega bo‘lishi mamlakatimizdagi islohotlar siyosati qo‘llab-quvvatlanishini ko‘rsatuvchi muhim qadam bo‘lishiga qo‘shildi. GSP+ maqomi 6 mingdan ziyod nomdagi tovarlarni Yevropa Ittifoqiga bojsiz eksport qilish imkonini beradi.

Shuningdek, muzokaralar chog‘ida “O‘zbekiston-YeI” parlamentlar hamkorligi qo‘mitasining navbatdagi 15-majlisini Bryussel shahrida o‘tkazish masalalari ham muhokama etildi.

Top