04:51 / 13.05.2020
67249

SSV tez yordam mashinalarining shahar shifoxonasi yonida to‘planib turishiga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda tungi vaqtda Toshkent shahar "Ibn sino" nomli 1-son klinik shifoxonasi yonida to‘planib turgan ko‘plab tez tibbiy yordam mashinalari tasviri tushirilgan videolavha tarqaldi. 

Video muallifi shifoxona yonidagi yo‘l bo‘yida ellikdan ortiq tez tibbiy yordam mashinalari turganini aytarkan, vaziyat yuzasidan o‘z xavotirini bildiradi. 

Bu holatga oydinlik kiritish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev bilan bog‘landik. 

– Hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q, hammasi nazorat ostida. Tez tibbiy yordam mashinalari aeroportdan kelishmoqda. Ma'lumki, 10 may kuni soat 23.00da maxsus charter reys orqali Dehlidan 263 nafar yurtdoshimiz Toshkentga olib kelindi. Ular orasida 2 nafar Qozog‘iston va 1 nafar Rossiya fuqarosi ham bor. 

Yo‘lovchilarning 140 nafarini og‘ir operatsiyani boshdan kechirgan, murakkab kasalliklardan davolanayotgan bemorlar va ularning hamrohlari tashkil etadi. Shu bois ular tez tibbiy yordam mashinalari orqali Toshkent shahar 1-klinik shifoxonasiga olib borib joylashtirildi. U yerda davolanish muolajalarini davom ettirishadi, bir vaqtning o‘zida 14 kunlik karantin rejimini ham o‘tashadi.

Qolgan 123 nafar yo‘lovchi 14 kun davomida Yuqori Chirchiqdagi muassasada karantin rejimini o‘taydi. 

Hindistondan charter reys orqali qaytarilgan fuqarolardan zudlik bilan koronavirusga test tahlili olindi. Dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, ularda koronavirus aniqlanmagan, – dedi Furqat Sanayev holat yuzasidan izoh berarkan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top