00:14 / 14.05.2020
25374
Samarqandda yana 10 kishida kasallik aniqlangan, Farg‘ona va Buxoroda ijobiy vaziyat saqlanib qolmoqda

Samarqand, Navoiy va Namangan viloyatlarida epidemiologik vaziyat og‘irlashishi davom etmoqda. Farg‘ona, Xorazm va Buxoro viloyatlarida esa so‘nggi kunlarda yangi zararlanish holatlari qayd etilmadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayevning telegram kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvali keltirildi.

Unga ko‘ra, ayni vaqtga kelib O‘zbekistonda koronavirus bemorlarining 79 foiz qismi (2076 kishi) tuzalgan. Hududlar kesimida olinsa, bu borada eng yaxshi ko‘rsatkichlar Farg‘ona (99 foiz), Buxoro (98 foiz) va Andijon (96 foiz) viloyatlari eng yuqori sog‘ayish ko‘rsatkichlarini qayd etmoqda. 

So‘nggi kunlarda yangi zararlanish holatlari qayd etilishi bo‘yicha Toshkent va Samarqand yetakchilik qilmoqda, so‘nggi bir kunda Toshkentda 44 kishiga, Samarqandda 10 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan. Toshkent shahridagi holatlar xorijdan kelib, karantinga olingan fuqarolar orasidan tasdiqlangan bemorlar hisobiga o‘smoqda, Samarqandda esa vaziyat og‘irroq - asosan bemorlar bilan aloqada bo‘lish oqibatida virus yuqtirish holatlari qayd etilmoqda.

Samarqandda so‘nggi uch kunda jami 41 kishi shifoxonaga yotqizildi, bir kishi vafot etdi. Viloyatda shu vaqtgacha 214 kishida virus aniqlangan, shu vaqtgacha 103 kishi (48 foiz) tuzalgan, 110 kishi davolanishni davom ettirmoqda.

Tuzalish ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yomon holat Navoiyda - 12 foiz. Bir muddat koronavirusdan xoli hudud bo‘lib turgan bu viloyatda 9 may kuni yana yangi holatlar aniqlangandi. Dastlab 6 kishida virus qayd etilgandi, 11-12 may kunlari bemorlar soni 9 nafarga oshdi va ayni vaqtda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 15 bemor davolanmoqda.

So‘nggi bir kunda Namangan (+6), Qoraqalpog‘iston (+3) va Sirdaryoda (+2) ham bemorlar soni o‘sdi. Namangan va Sirdaryoda har kuni yangi holatlar qayd etilmoqda.

O‘z navbatida Farg‘onada 6 maydan buyon, Xorazmda 7 maydan buyon, Buxoroda esa 9 maydan buyon yangi holatlar qayd etilmagan, lekin Xorazmda shifoxonada qolayotgan bemorlar soni ko‘proq (23 nafar), Farg‘onada 1, Buxoroda esa 7 bemor qolgan va bu hududlar tez orada koronavirusdan xoli hududga aylanishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda yangi kasallanish holatlari soni tuzalganlar sonidan ko‘p bo‘la boshladi. 

12 may kuni jami 61ta yangi holat aniqlandi va 52 bemor tuzalgandi. 13 may kuni 65ta yangi holat aniqlanib, 36 bemor tuzaldi.

  • Bugun kun davomida Buxoro, Farg‘ona, Xorazm, Samarqand va Qoraqalpog‘istonda bemorlarning navbatdagi guruhlariga javob berildi, ancha vaqtdan buyon birinchi marta Toshkent shahrida birorta ham bemor sog‘ayib chiqmadi. 

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 2612taga yetgan, shundan 2076 kishi sog‘aygan, 11 kishi vafot etgan, ayni vaqtda davolanayotgan 525 nafar bemordan 12 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda.

Bundan avvalroq Samarqanddagi tibbiy muassasalarning birida bo‘lim mudiri vazifasida ishlayotgan fuqaro koronavirus infeksiyasi belgilarini his qilgani holda, tibbiy tekshiruvdan o‘tmasdan uy sharoitida davolangani, jami 34 kishiga virus yuqishida sababchi bo‘lgani uchun unga qarshi jinoiy ish ochilgani haqida xabar berilgandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top