15:58 / 14.05.2020
15047
«Sardoba» jabrlanuvchilari uchun yig‘ilgan mablag‘ va uning sarflanishi – Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari bilan suhbat

Sardoba suv omborida yuz bergan texnogen ofatdan keyin Toshkentdagi bir nechta ko‘ngilli guruhlar, tashkilot va korxonalar evakuatsiya qilingan aholi uchun xayriya yordamlarini yubora boshladi.

Ular qatorida Toshkent shahar hokimligi tomonidan jabrlangan aholi uchun maxsus bank hisob raqami ham tashkil qilingan edi. Kun.uz muxbiri ushbu hisob raqamda bugunga qadar qancha mablag‘ yig‘ilgani va u qaysi maqsadlarda sarflanishiga aniqlik kiritish maqsadida shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova bilan qisqa suhbat uyushtirdi.

— Sardoba uchun yordamlar yig‘ilayotgan paytda shahar hokimligi tomonidan maxsus bank hisob raqami e'lon qilingandi. Bugunga kelib bu hisob raqamda qancha mablag‘ yig‘ildi va ular qanday sarflanadi?

Durdona Rahimova

— Sardoba suv ombori falokati yuz bergandan keyin Toshkentda ko‘plab xayriya aksiyalari tashkil qilindi. Ammo karantin sabab xayriya mahsulotlarini joyiga yetkazishda transport muammosi yuzaga kela boshladi. Shu sababli Toshkent shahri Navro‘z to‘yxonasida xayriyalarni yig‘uvchi punktni tashkil qildik.

Fuqarolar oziq-ovqat, kiyim-kechak, narsa-buyumlar, shuningdek, pul ko‘rinishida yordamlar qilishdi. Ular punktning o‘ziga naqd pulni tashlab ketishi holatlari bo‘ldi va bu qator tushunmovchiliklarni yuzaga keltirmasligi uchun ularning murojaat, takliflariga ko‘ra bankda maxsus hisob raqam tashkil etdik. Hozirgi kungacha 400 million so‘mga yaqin mablag‘ kelib tushdi.

To‘g‘ri, bu mablag‘ juda katta bo‘lmasligi mumkin, lekin bir nechta xonadonni ta'mirlash, uy jihozlarini tiklash yoki yangilashga hissa qo‘shishi mumkin. Bu pul sardobaliklarga davlat tomonidan ajratiladigan kompensatsiya mablag‘i tarkibiga kirmaydi.

— Mablag‘ yig‘ilishi va sarflanishi bo‘yicha shaffoflik qanday ta'minlanadi? U falokatdan jabr ko‘rganlarga qaysi ko‘rinishda yetkaziladi?

Mablag‘lar hali Sirdaryoga yo‘naltirilgani yo‘q, chunki mablag‘lar kelib tushishda davob etmoqda. Shaffofligini ta'minlash maqsadida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda har kunlik kelib tushgan mablag‘lar summasini e'lon qilib boryapmiz. Uni qay tarzda aholiga tarqatish bo‘yicha keng jamoatchilikka ma'lum qilinadi.

—Toshkent shahar hokimligi tomonidan sirdaryoliklar uchun yana qandaydir shaklda yordamlar rejalashtirilganmi? Bundan tashqari, Toshkentdagi volontyorlik guruhlari va boshqa nodavlat xayriya tashkilotlari mablag‘larini birlashtirish haqida ham o‘ylanyaptimi?

— Toshkent shahar hokimligi tomonidan Sardoba suv omborini tiklash uchun qurilish texnikalaridan iborat maxsus yordam jo‘natilgan. Keyinchalik bu yordamga ham ehtiyoj seziladigan bo‘lsa, bu davom ettiriladi va sardobaliklarga uy qurilishi, ta'mirlanishi bo‘yicha ko‘mak berish rejalari mavjud.

Xayriya e'lon qilinganda volontyorlik guruhlari tomonidan ko‘plab hisob raqamlari ochildi, ijtimoiy tarmoqda plastik kartalar e'lon qilindi. O‘ylaymizki, ular tomonidan yig‘ilgan mablag‘ xonadonlarga ehtiyojlariga qarab yetib boradi. Hokimiyat tomonidan ochilgan hisob raqamdagi mablag‘larni yo‘naltirish Sirdaryo viloyati hokimligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Qaysi xonadon nimaga ko‘proq ehtiyoji borligi o‘rganiladi. Ta'kidlab o‘tamiz: hisob raqamga pul o‘tkazish ixtiyoriy. Xayriya puli o‘z manziliga ishonchli tarzda yetib borishini istovchilar ushbu hisob raqamga pul o‘tkazishlari mumkin.

Suv ombori falokatidan jabrlangan aholiga yordam ko‘rsatish uchun tashkil qilingan maxsus hisob raqamlar:

Yuridik shaxslar uchun:

23120000900001172001

MFO 01172

INN 207290120

Poytaxtbank

Jismoniy shaxslar naqd pul o‘tkazishlari uchun:

23116000400001172001

Payme va Click orqali pul o‘tkazmalari uchun:

8600 6029 4977 3501

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top