01:54 / 14.05.2020
4892

ShHTga a'zo davlatlar vakillari koronavirus pandemiyasi sharoitidagi hamkorlikni muhokama qilishdi   

13 may kuni Shanhay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari kengashining videokonferensiya formatidagi navbatdan tashqari majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ham ishtirok etdi.

Foto: TIV axborot xizmati

O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Hindiston va Pokiston tashqi ishlar vazirlari, ShHT bosh kotibi Vladimir Norov va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Jumaxon G‘iyosov yangi koronavirus infeksiyasi pandemiyasi sharoitidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Koronavirus oqibatlariga qarshi kurashish va uning ShHT davlatlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ta'sirini yumshatishning dolzarb vazifalari yuzasidan fikr almashildi.

Pandemiyaga qarshi kurashish bo‘yicha zarur choralarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun tashkilotga a'zo davlatlar sa'y-harakatlarini muvofiqlashtirish muhimligi ta'kidlandi.

Tomonlar sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni yanada takomillashtirish va mazkur sohadagi ShHTning amaldagi mexanizmlari ishni faollashtirishning zarurligini qayd etdilar.

Majlisda pandemiyadan keyin dunyo iqtisodiyotida kuzatiladigan katta o‘zgarishlar nuqtayi nazaridan savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Shuningdek, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish, mamlakat iqtisodiyotini tiklash va uning ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirishga ko‘maklashish masalalari alohida ko‘rib chiqildi.

Tadbir ishtirokchilari Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan bir-birlarini qutladilar hamda dunyoni fashizmdan qutqarishga jangchilar va front orti mehnatkashlari qo‘shgan hissani qayd qilib o‘tdilar. Shu nuqtayi nazardan Abdulaziz Komilov ishtirokchilarga O‘zbekistonda ushbu muhim sanani keng nishonlash bo‘yicha maxsus dasturni amalga oshirish jarayoni to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Uchrashuv yakunida koronavirus tarqalishi munosabati bilan ShHTga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining bayonoti qabul qilindi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top