17:20 / 14.05.2020
79262
Teraktlar haftasi va chaqaloqlar o‘limi. Ashraf G‘ani yana «Tolibon»ga urush ochdi

Afg‘onistonda so‘nggi kunlarda bir necha yirik teraktlar sodir etildi. 12 may kuni poytaxt Kobuldagi tug‘ruqxonaga hujum oqibatida 16 kishi halok bo‘ldi, jumladan uch ayol va ikki bola ham. Mamlakat prezidenti Ashraf G‘ani ushbu teraktda «Tolibon»ni ayblab, afg‘onistonlik harbiylarga jangarilarga qarshi yurish boshlashga buyruq berdi.

Foto: AFP

AQSh va «Tolibon» o‘rtasida fevral oyi oxiridagi muzokaralar va 29 fevral kuni tuzilgan tinchlik bitimi Afg‘onistonda tinchlikni ta'minlay olmadi. Mintaqada mart oyida ham «Tolibon» va hukumat kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar davom etdi. Bu esa tinch aholi o‘rtasida qurbonlar berilishini ham davom ettirdi. Ayni vaqtda mamlakatda vaziyat so‘nggi yillardagi eng og‘ir holatga kelgan.

Prezident Ashraf G‘ani 12 may kuni telemurojaatida «Tolibon»ning to‘xtovsiz hujumlariga javoban harbiylarga ushbu tashkilot pozitsiyalariga hujum boshlash to‘g‘risida buyruq berdi. Qayd etilishicha, kurashning «faol mudofaa» shaklidan «hujum» shakliga o‘tiladi.

Afraf G‘ani / Reuters

G‘anining aytishicha, «Tolibon» Afg‘oniston hukumatining o‘t ochishni to‘xtatish va zo‘ravonlik ko‘lamini qisqartirish bo‘yicha chaqiriqlarini e'tiborsiz qoldirmoqda. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, urushni to‘xtatish bo‘yicha chaqiriqlar «kuchsizlikni anglatmaydi, balki tinchlikparvarlikni ifodalaydi». U harakat tarafdorlarini yana bir marta hukumatning mamlakatda tinchlikni tiklash bo‘yicha taklifiga rozi bo‘lishga chaqirgan.

Kobulda bu hafta davomli teraktlar bilan boshlandi. 11 may kuni Taia Maskan tumanida bir necha portlashlar sodir etildi. Xavfsizlik kuchlari ma'lum qilishicha, hujum nishoni Milliy xavfsizlik bo‘yicha direksiya va hukumat avtomobillari bo‘lgan. Qurbonlar haqida ma'lumot berilmadi. 

12 may kuni Kobuldagi tug‘ruqxonaga hujum uyushtirildi. Avvaliga terorchilardan biri tibbiyot muassasasiga kirishda o‘zini portlatgan, qolganlari ichkariga bostirib kirib, odamlarni o‘qqa tutgan. Kobulning g‘arbiy qismida joylashgan binoda kamida 24 kishi, jumladan, o‘ndan oshiq ayollar va ikki nafar chaqaloq halok bo‘lgani aytilmoqda, yana 15 kishi turli darajada tan jarohatlari olgan.

Tug‘ruqxonada yaqinlarini yo‘qotgan ayol / AFP

Ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, xudkush terrorchilar harbiy kiyimda bo‘lgan va ularning hammasi yo‘q qilingan. Tibbiyot muassasasiga hujumga bu yerda «Chegarasiz shifokorlar» insonparvarlik tashkilotining «xorijlik xodimlari» borligi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Toliblar bu teraktlar uchun javobgarlikni zimmasiga olmadi, prezident Ashraf G‘ani va birinchi vitse-prezident Amrillo Solih ushbu hujum ortida «Tolibon» harakati va ularning ittifoqchilari turganini qayd etgan. 

12 may kuni Nangarhar provinsiyasida hududiy politsiya boshlig‘i Hoji Shayx Ikromning dafn marosimi vaqtida ham portlashlar ro‘y berdi va 32 kishi halok bo‘lib, 68 kishi yaralandi. Jarohatlanganlarning ko‘pchiligi og‘ir ahvolda va qurbonlar soni o‘sishi mumkin.

13 may kuni Afg‘oniston sharqidagi Paktiya provinsiyasidagi hujum oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi. Mahalliy telekanal ma'lumotiga ko‘ra, avtomobil shossesida harakatlangan avtomobilga qarata o‘t ochilgan va 3 nafar politsiyachi hamda tinch aholi vakillaridan 2 kishi halok bo‘lgan.

Bu holatlar AQShning toliblar bilan tinchlik bitimi chok-chokidan so‘kilib ketganini ko‘rsatmoqda.

Asirlar almashish jarayoni
Harakat a'zolarining faollashuvi bejiz emas, toliblar Afg‘oniston qamoqxonalaridagi safdoshlari ozod etilishini talab qilishmoqda. 

Fevral oyi oxirida AQSh va «Tolibon» harakati uzoq davom etgan muzokaralardan keyin hududda o‘t ochmaslik haqida kelishib olgan va Afg‘oniston hukumati bilan ham bu borada muzokara olib borilishi ma'lum qilingandi. Dohadagi kelishuvning asosiy shartlari bo‘yicha ikki tomon asirlar almashishni boshlagandi.

Shu vaqtgacha hukumat qamoqxonalaridan «Tolibon» safiga mingdan ortiq kishi qaytgan. Hukumat jami 5 mingga yaqin asirni qaytarishi kerak edi. Ko‘p ehtimol bilan ozod qilinganlar avvalgi «biznesi»ni davom ettiradi.

BVC qo‘lga kiritgan ma'lumotlarga ko‘ra, «Tolibon» har yili turli noqonuniy faoliyati orqali 1,5 milliard dollardan ortiq daromad ko‘radi va yoshlarni qurollantirish uchun yetarli moliyaviy manbaga ega hisoblanadi. Harakatning Qo‘shma Shtatlar bilan teng huquqli hamkorligi Afg‘oniston rasmiy davralarida ushbu harbiy-diniy harakat davlat hayotida yana ustun mavqe egallay boshlashi haqidagi tashvishlarni paydo qildi.

Ayrim afg‘on parlamentariyalari AQSh prezidenti ma'muriyati «Tolibon»ning faoliyatini qonuniylashtirib, uni o‘ziga xos xususiy harbiy kampaniyaga aylantirmoqchi, degan fikrda. Go‘yoki bu tashabbus 29 fevral kuni Qatardagi uchrashuvda rasmiylashtirilgan. Albatta, «Tolibon» xususiy harbiy kampaniyasi haqidagi gap mubolag‘a, ammo harakat a'zolariga so‘nggi yillarda ko‘p narsaga ruxsat berilayotgani, amerikaliklar Afg‘onistonni tashlab ketayotgani, Kobuldagi «qo‘shhokimlik» toliblarning hokimiyatga qaytish imkoniyatlarini oshirmoqda.

«Tolibon» mart oyidan beri atigi 105 nafar politsiyachilar va afg‘on harbiylarini ozod qildi, bu esa rasmiy Kobul qo‘yib yuborgan jangarilar sonidan 10 baravar kamroq. Shu tufayli Afg‘oniston hukumati 11 may kuni tengsiz almashuvni to‘xtatishga qaror qildi. Afg‘oniston islom respublikasi Xavfsizlik kengashi raisi Javid Feysal toliblar xavfsizlik xizmatining 200 nafar xodimini qo‘yib yubormaguncha, birorta mahbus ozod qilinmasligini bildirdi.

«Tolibon» g‘azabda
Yaqinda BMTning Afg‘onistonga yordam bo‘yicha missiyasi hisobotida harakatning so‘nggi vaqtlardagi faollashuvi raqamlarda aks etgandi: 2020 yilning birinchi choragidagi harbiy harakatlar tufayli tinch aholi vakillari bo‘lgan 533 kishi halok bo‘lgan, shundan 150 nafari bolalardir. 55 foiz holatda tinch aholi vakillari  o‘limi uchun mas'uliyat noqonuniy qurolli guruhlar zimmasida. Toliblar 533 o‘limning 39 foizida aybdor hisoblanishadi. Shuningdek, o‘limlarning 13 foizi IShID terrorchilik harakati ta'siridagi kuchlar aybi bilan sodir bo‘lgan. Hukumat ta'siridagi qurolli guruhlar esa 32 foiz holat uchun javobgardir.

Afg‘onistonda zo‘ravonlik darajasi oshib borishi fonida tolibonlar nazoratidagi hududlarda tinch aholi vakillari o‘rtasida yo‘qotishlar deyarli yo‘q. «Tolibon»ning rasmiy vakili Zabihullo Mujohid BMTning Afg‘onistonda tinch aholi o‘limlari bo‘yicha hisobotini «amerikalik harbiylar, Kobul ma'muriyati, razvedkachilar, politsiya va tinch aholiga qarshi harbiy kuchlar tomonidan sodir etilayotgan har kungi jinoyatlarni yashirishga urinish» deb hisoblaydi.

Pompeo murosaga chaqirdi
AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeo Afg‘oniston hukumati va «Tolibon» birgalikda ushbu teraktlar tashkilotchisini topishi kerakligini bildirdi.

Maykl Pompeo / FILE PHOTO

U Kobul sharqidagi shifoxonaga hujum va Nangarhar provinsiyasidagi okruglardan birining politsiya rahbarining dafn marosimi vaqtidagi portlashlarni «qo‘rqinchli teraktlar» deb atagan.

«Muqaddas Ramazon oyida va COVID-19 xavfi sharoitida bunday teraktlar sodir etilishi juda qo‘rqinchli holat. Toliblar bu ishga aloqadorligini rad etmoqda va bu hujumlarni qattiq qoralashmoqda. «Tolibon» va Afg‘oniston hukumati birgalikda aybdorlarni topib, ularni javobgarlikka tortishi kerak.

Keng ko‘lamli zo‘ravonlik holatlari qisqartirilmas va siyosiy barqarorlashuv yo‘liga o‘tilmas ekan, Afg‘oniston terrorizm qarshisida ojiz bo‘lib qoladi. Afg‘on xalqi terrordan xoli kelajakda yashashga haqli, hozirgi tinchlik jarayoni Afg‘oniston xalqiga  terrorizm tahdidiga qarshi bir frontda birlashish imkoniyatini taqdim etadi», degan Amerika diplomatiyasi rahbari.

Afg‘on harbiy politsiyasi mashg‘ulotlar chog‘ida (AFP Photo/Noorullah Shirzada)

Milliy xavfsizlik xizmati ma'lumotiga ko‘ra, Dohada 29 fevral kuni AQSh va «Tolibon» o‘rtasida imzolangan kelishuvdan buyon toliblar kuniga o‘rtacha 55 hujum uyushtirishgan. Afg‘oniston milliy xavfsizlik va mudofaa kuchlari (ANDSF) jangarilarga qarshi 1 200 harbiy amaliyot o‘tkazgan.

Milliy xavfsizlik bo‘yicha Direksiya rahbari (Afg‘oniston razvedkasi) Ahmad Ziyo Saroj shunday deydi: «Toliblar hozirgacha ham «hokimiyatga harbiy yo‘l bilan qaytish» haqida o‘ylashadi va o‘zaro bag‘rikenglik va tinchlikni qadrlashmaydi. Bundan tashqari, toliblar boshqa terrorchilik guruhlari bilan qalin aloqalarni saqlab qolmoqda va bu Qo‘shma Shtatlar bilan imzolangan kelishuv shartlariga ziddir».

Albatta, «Tolibon» mamlakatdagi 407 hududdan 133tasida nazorat o‘rnatgan bo‘lsada, jang maydonida g‘olib kela olmaydi. Tuganmas va ma'nosiz urush davom etmoqda.

Top