23:16 / 14.05.2020
14326
Tojikistonda sobiq xavfsizlik vaziri koronavirusdan vafot etgani aytilmoqda

Tojikistonda koronavirus yuqtirganlar soni 900dan oshdi, 29 kishi vafot etgan.

Foto: Asia-Plus

13 may kuni Tojikistonda 106 kishida koronavirus aniqlangan, bu eng yuqori kunlik o‘sish qayd etilishi bo‘ldi. O‘lim holatlari soni 6taga ko‘paygan. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligiga asoslanib Aziya-Plyus xabar bergan.

Endilikda mamlakatda virus yuqtirganlarning umumiy soni 907 nafarga yetdi. Umumiy hisobda 29 nafar tojikistonlik koronavirus sabab vafot etgan.

Ayni damda 4 mingdan ortiq kishi shifokorlar nazoratida bo‘lib turibdi.

JSSTning Tojikistondagi missiyasi rahbari Patrik O`Konnor vaziyat kelajakda qanday tus olishi mumkinligi haqida fikr bildirdi: «Unutmang, bizni sprint poygasi emas, marafon kutmoqda. Keyingi 12-18 oy davomida koronavirus tarqalishiga qarshi choralar ishlab chiqishda davom etishimiz kerak».

Tojikistonda bir guruh odamlar tomonidan kvtj.info sayti ishga tushirilgan. Unda koronavirus sabab halok bo‘lgani aytilayotganlarning nomlari ma'lum qilib boriladi. Bu ro‘yxatda bugun Tojikiston xavfsizlik vazirligining sobiq rahbari Saidanvar Kamolov nomi ham paydo bo‘ldi.

70 yoshli generalning nabirasi bobosiga o‘limidan avval bronxit tashxisi qo‘yilganini aytgan. Saidanvar Kamolov 1995 yilda Tojikiston xavfsizlik vaziri etib tayinlangan. 1997-2001 yillarda mamlakat chegaralarini muhofaza qilish davlat qo‘mitasini boshqargan.

Hozirgacha Tojikistonda rasman 29 kishi koronavirus sabab vafot etgani ma'lum qilingan bo‘lsada, kvtj.info saytida vafot etganlar soni 211 nafarligi ko‘rsatilgan. Saidanvar Kamolov ushbu ro‘yxatda 210-bo‘lib qayd etilgan. Tojikiston sog‘liqni saqlash vazirligi kvtj.info saytidagi ma'lumotlar asosli emas deb hisoblaydi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top