23:00 / 14.05.2020
13743

Toshkentda 11 nafar mahkum va mahkuma muddatidan oldin shartli ravishda jazodan ozod qilindi

14 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida 11 nafar mahkum va mahkumalar shartli ravishda muddatidan oldin jazodan ozod etildi.

Jinoyat kodeksining 73-moddasi tegishli bandlariga asosan, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida jami 11 nafar mahkum va mahkuma shartli ravishda jazodan ozod etildi.

Bunda ularning jazoni o‘tash davrida o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatgani, qonun-qoidalarga amal qilgani asos bo‘lib xizmat qildi.

Jazodan ozod etilishiga 2 yil 5 oy 10 kun qolgan mahkuma qilgan ishidan qattiq pushaymonligini ta'kidlaydi.

«Yigitlar bilan urushganmiz. Menga 5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlashgan. 2,5 yil jazoni o‘tadim. Qolgan 2,5 yilini muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilishyapti.

Berilgan jazoni to‘g‘ri o‘tadim, qoidabuzarlik qilmadim. Xulqimga qarab kechirishdi. Endi uyda farzandim tarbiyasi bilan shug‘ullanaman.

Boshqa bunday jinoyat ishlariga qo‘l urmaslikka qaror qildim. O‘zimga to‘g‘ri xulosa chiqardim», deydi u.

Mahkumlarning barchasi probatsiya guruhida turgan. Shartli ravishda jazodan ozod etilganlar ro‘yxati Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmati tomonidan shakllantirilgan.

«Mahkumlar sodir etgan jinoyatining og‘irlik darajasiga qarab toifalar bo‘yicha o‘tagan muddatlari hisoblanadi va yaxshi tavsiflangan, jinoiy qilmishini to‘liq anglab yetgan mahkumlarga nisbatan tuman sudlariga taqdimnomalar kiritiladi.

2020 yilning 5 oyi davomida 55 nafar mahkumlar sudlar tomonidan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi» – deydi Mirzo Ulug‘bek tumani Probatsiya guruhi muhim topshiriqlar bo‘yicha inspektori Eldor Nurmatov.

Top