22:39 / 15.05.2020
40048
Afg‘oniston: Tug‘ruqxonadagi qirg‘in vaqti tug‘ilgan chaqaloq yashab ketdi, 18 chaqaloq onasiz qoldi

Seshanba kuni Afg‘oniston poytaxti Kobul shahridagi tibbiyot muassasasiga uyushtirilgan qonli hujum vaqtida tug‘ilgan chaqaloq omon qoldi. Bu haqda «Chegarasiz shifokorlar» tashkiloti ma'lum qilgan. Bolaning onasining hayoti ham saqlab qolingan.

AFP Photo/Wakil KOHSAR

Noma'lum qurolli guruh uyushtirgan hujum oqibatida jami 24 kishi halok bo‘lgan, ularning ko‘pchiligi yaqinda shu tug‘ruqxonada ko‘zi yorigan ayollardir. O‘sha uni 18 chaqaloq onasiz qolgan. Shuningdek, ikki chaqaloq, akusher-ginekolog va politsiyachi halok bo‘lgan.

Hozircha ushbu terakt uchun javobgarlikni hech bir guruh o‘z zimmasiga olmadi.

Tibbiyot muassasasiga hujum mahalliy vaqt bilan 12 may kuni kuni soat 10:00 atrofida boshlangan. Shifokorlardan biri BBC muxbiriga aytishicha, o‘sha vaqtda shifoxonada 140 kishi bo‘lgan. Tug‘ruq bo‘limi «Chegarasiz shifokorlar» tashkiloti ko‘magida faoliyat yuritadi va u yerda bir necha xorijlik ishlaydi.

Bu hujum butun Afg‘onistonni karaxt qilib qo‘ydi / EPA

Xabar qilinishicha, shifoxonaga bostirib kirgan jangarilar jarrohlik va terapevt bo‘limlariga kirmasdan darhol tug‘ruq bo‘limiga yo‘nalgan.

Hujum guvohiga aylangan sotuvchining so‘zlariga ko‘ra, jangarilar hech kimni so‘roqqa tutmasdan o‘t ochishni boshlagan. Otishma boshlangan vaqtda homilador ayollardan birida to‘lg‘oq boshlangan.

Reuters agentligi xabarida aytilishicha, Zaynab ismli yana bir ayol jangarilar bostirib kirishi arafasida tuqqan. U farzandiga Umid ismini qo‘ygan. Ma'lum bo‘lishicha, u va turmush o‘rtog‘i yetti yildan beri farzandli bo‘la olmayotgandi.

Afg‘on politsiyachisi hujum tufayli yaqinlarini yo‘qotgan erkakni yupatmoqda / AP

U otishma ovozi eshitila boshlaganida hojatxonada bo‘lgan va ortga qaytishga shoshilgan. Ammo uning o‘g‘li bu vaqtda o‘ldirilgandi. Zaynabning qaynonasi Zahro Muhammadiy shunday deydi: «Men kelinimni u farzandini yo‘qotmasligi uchun Kobulga olib kelgandim. Bugun endi jonsiz chaqaloqni olib Bomiyonga qaytamiz».

Tug‘ruqxonada nabirasini yo‘qotgan ayol / AFP

Afg‘on maxsus xizmatlari 100 nafar ayol va bolalarni qutqargan, qutqarilganlarning uch nafari xorij fuqarosi bo‘lgan. Ma'lum qilinishicha, uch nafar jangari politsiyachilar formasida shifoxona hududiga kirishgan, ularning barchasi otishma chog‘ida o‘ldirilgan.

«Chegarasiz shifokorlar» 55 o‘rinli tug‘ruq bo‘limi faoliyatini to‘xtatgan. Bu yerda yil boshidan buyon 5400 nafardan ortiq chaqaloq tug‘ilgandi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Vohid Majruhning ma'lum qilishicha, onasiz qolgan chaqaloqlarning barchasi boshqa shifoxonaga o‘tkazilgan. Bundan oldin ularning shaxsi aniqlashtirilgan. Afg‘onistonda amalda DNK-test o‘tkazishning imkoni yo‘q, shu tufayli yangi tug‘ilgan bolalarni almashtirib yubormaslik muhim hisoblanadi.

Ayni vaqtga kelib o‘n to‘rt nafar chaqaloq oilalariga qaytarilgan, yana to‘rt chaqaloq ham olib ketilishi kutilmoqda.

Otaturk shifoxonasiga ko‘chirilgan ona va bola / AP Photo/Rahmat Gul

O‘sha kuni Afg‘oniston sharqidagi Nangarhar viloyatida ham yirik terakt sodir etildi. Hududiy politsiya boshlig‘i Hoji Shayx Ikromning dafn marosimi vaqtidagi portlashlar tufayli 32 kishi halok bo‘lib, 68 kishi yaralandi. Jarohatlanganlarning ko‘pchiligi og‘ir ahvolda va qurbonlar soni o‘sishi mumkin.

Mamlakat prezidenti Ashraf G‘ani bu xunrezliklarda «Tolibon» harakatini aybladi va tashkilotga qarshi harbiy amaliyot boshlashga buyruq berdi.

BBC tahlilchisi Liz Dyuset
Tinch aholiga nisbatan juda ko‘p xunrezliklarga guvoh bo‘lgan Afg‘oniston uchun ham yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va ularning onalari yovvoyilarcha o‘ldirilishi shok holat bo‘ldi. Bu qonli hujum shu yil mamlakatda nihoyat tinchlik o‘rnatilishi borasidagi umidlarni butkul so‘ndirdi.

Shifoxona ichidan qonga belangan chaqaloqlarni olib chiqayotgan harbiylar kadrlari uzoq vaqt xotirada saqlanib qoladi. Bu to‘kilgan qonlar jangari guruhlarga qarshi harbiy amaliyotlarni to‘xtatishga chaqirganlarning vijdoniga havola. 

«Tolibon» darhol ushbu dahshatli hujumga aloqador emasligini e'lon qilgan bo‘lsada, prezident G‘anining harbiy amaliyotlarni tiklash to‘g‘risidagi buyrug‘i juda ko‘p afg‘onlarning qahr-u g‘azabini ifoda etadi. 

Ayrimlar IShID ta'siridagi guruhlar «Tolibon» va hukumat o‘rtasida adovat qo‘zg‘ashga va tinchlik muzokaralari barbod bo‘lishiga erishishga urinayotganini aytmoqda.

«Tolibon»ning va'dalariga ishonmaydiganlarda esa so‘nggi haftadagi teraktlar kurashni davom ettirishga ishonchni mustahkamladi.

Top