17:35 / 15.05.2020
19459

«Davlat tili haqida»gi qonunning yangi tahriri Oliy Majlis muhokamasiga kiritildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga «Davlat tili haqida»gi Qonunning yangi tahriri kiritildi. Mas'ul qo‘mita tomonidan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishga tayyorlanmoqda. Bu haqda «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov o‘z telegram kanalida ma'lum qildi.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi saylovoldi dasturidagi asosiy masalalardan biri sifatida ushbu qonun loyihasini jiddiy muhokama qilishga tayyorlanmoqda. 

Shu bilan birga, bugungi kunda qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan «Normativ huquqiy xujjatlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasining 33-moddasida partiya fraksiyasining tashabbusi asosida O‘zbekiston Respublikasida barcha normativ huquqiy xujjatlarni o‘zbek tilida qabul qilinishi belgilanmoqda», deb yozadi Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Adliya vazirligi davlat tilida ish yuritishni ta'minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqqan va va uni xalq muhokamasiga qo‘ygan edi.

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasiga muvofiq, O‘zbekistonda davlat tili o‘zbek tilidir.

Shuningdek, «Davlat tili haqida»gi qonunning 9-moddasiga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinadi.

Shu bilan birga, «Davlat tili haqida»gi qonunning 10-moddasiga ko‘ra, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish davlat tilida, ishlovchilarining ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkin.

Top