20:43 / 15.05.2020
13702
Koronavirus keng tarqalishida ko‘proq yoshlar aybdormi?

Ko‘pchilik yoshlarda koronavirus bilan kasallanish xavfi kamroq, ammo ular o‘zi bilmagan holda virus tarqatuvchiga aylanib qolishi mumkin deb o‘ylaydi. Chindan ham shundaymi?

Foto: EPA/Vostock-photo

Koronavirus pandemiyasi butun dunyo tibbiyot tizimi uchun haqiqiy sinovga aylandi. Aksariyat mamlakatlar karantinda. Janubiy Koreya, Yangi Zelandiya va Germaniya kabi davlatlarning pandemiyani tez va muvaffaqiyatli bartaraf etayotgani e'tirofga munosib.

Harvard olimlari o‘tkazgan bahsli tadqiqot

Koronavirus tarqalishining o‘zgacha ssenariysi mavjud bo‘lgan Germaniyada yoki masalan, Italiyada koronavirusga chalinganlarning ko‘pchiligini yoshlar tashkil etadi. Shu munosabat bilan turli tadqiqotchilar yoshlarning koronavirus tarqalishiga qanday ta'sir ko‘rsatganining o‘ziga xos tomonlariga e'tibor qaratib, uni tahlil qilishga harakat qilishdi.

Germaniyada pandemiya paytida aholi tomonidan uydan chiqmaslik qoidasiga tartib bilan rioya qilinganiga bag‘ishlangan tadqiqot e'tiborni jalb qildi. Tadqiqotni Harvard universitetining ikki olimi o‘tkazgan. Ularning xulosasiga ko‘ra, pandemiya davrida jismoniy va ijtimoiy aloqalarni cheklaydigan qoidalarga rioya qilmaydigan yoshlar koronavirusini ko‘proq yuqtirmoqda. Olimlarning aniqlashicha, 15-34 yoshlilar orasida koronavirus bilan kasallanish xavfi yuqori.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Germaniyadagi ko‘plab yoshlar karantinga zid tarzda xiyobonlarda vaqt o‘tkazishda davom etgan. Bir guruh yoshlar hatto koronavirusga qarshi kurash doirasida hukumat tomonidan joriy etilgan cheklovlarga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazadi.

Gazetalar «20-24 yoshlilar koronavirusning Germaniyada tarqalishiga sabab bo‘lmoqda» mazmunidagi sarlavhalar ostida Harvard olimlari o‘tkazgan tadqiqotlar haqida xabar berishdi. Raqamlarga qaralsa, bu xulosalar qanchalik to‘g‘ri?

Harvard epidemiologlari hisobotlarida Robert Kox instituti tomonidan martning oxiri, aprelning boshlarida o‘tkazilgan tadqiqotlardan foydalangan. Ular 15-34 yoshlilarda koronavirusni yuqtirish xavfi yuqori, 20-24 yoshlilar orasida esa eng yuqori ko‘rsatkichda bo‘ladi, degan xulosaga kelishgan.

Olimlar shunga o‘xshash natijalarni Janubiy Koreyada qayd etishmoqda, bu yerda koronavirus yuqtirganlarning katta qismini 20-29 yoshlilar tashkil etgan.

Yoshlarni nimada ayblashmoqda?

Koronavirusning keng tarqalishda yoshlarga nisbatan ilgari surilayotgan eng asosiy ayblovlardan biri bu ularning oraliq masofa xavfsizligiga rioya qilmasliklaridir.

Olimlar o‘z xulosalarida aynan 15 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lganlar ko‘pchilik bilan muloqotda bo‘ladigan joylar – mehmonxonalar, restoranlar, turli do‘konlarda ishlashini inobatga olmagan. Ammo odamlar ko‘p tashrif buyuradigan bunday maskanlar karantin paytida yopiq edi.

Harvard tadqiqotchilarining xulosalariga ko‘ra, o‘rta yoshlilar koronavirusga ko‘proq karantin cheklovlari joriy etilishidan oldin chalingan va boshqalarga ham yuqtirgan. Ya'ni, ularning ijtimoiy faol obektlarda ishlashi virus yuqtirish xavfini oshirishi baribir haqiqatga yaqin. Karantin cheklovlari joriy etilishidan avval yoshlar ishda bo‘lgan paytida koronavirusni osongina o‘ziga yuqtirib, so‘ng uni boshqalarga tarqatgan bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Xulosada yoshlarning virusni tarqatishiga ularning jamoat transportlaridan ko‘proq foydalanishi ham inobatga olinmagan. Yoshlarning aksariyatida shaxsiy transport vositasi bo‘lmagani uchun ular asosan jamoat transportlaridan foydalanadi. Jamoat transportlarida esa virus tarqalish xavfi yuqori.

To‘g‘ri, ishxonalar va jamoat transporti virus tarqalishi uchun qulay joy, ammo Germaniyada koronavirus yoshlar orasida tez tarqalishiga yana boshqa omillar ham sabab bo‘lgan. Masalan, ko‘plab yoshlar Avstriya tog‘-chang‘i kurortlarida dam olib qaytgach, ularning ba'zilari virus tarqatuvchi manbaga aylanishgan. Bundan tashqari, ko‘pchilik yoshlar mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan an'anaviy karnaval tadbirlarida qatnashib, virus yuqtirgan va tarqatgan.

Koronavirus bilan kasallanganlar soni hisobga olinganlardan ko‘p bo‘lganmi?

Koronavirusga chalinganlar soni ro‘yxatga olinganidan ko‘p degan gaplarni ko‘p eshityapmiz. Bu haqda Harvard olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasi bilan bir kunda chop etilgan yana bir tadqiqotda batafsil to‘xtalib o‘tilgan.

Bu tadqiqot Germaniyada koronavirus epidemiyasining markaziga aylangan Haynsberg okrugidagi vaziyat bo‘yicha o‘tkazilgan sinov testlaridan so‘ng o‘tkazilgan. Germaniyaning g‘arbiy qismida joylashgan ushbu shaharchaning 9 ming aholisi koronavirus uchun testdan o‘tdi. Natijalar esa hayratlanarli bo‘ldi. Ularga ko‘ra, okrugda virusni yuqtirganlarning 20 foizida koronavirus hech qanday alomatlarsiz kechgan. Shu sababli virus yuqtirgan odamlar o‘zida koronavirus borligini sezmagan va bemalol yuravergan. Oqibatda ular kasallik tarqatuvchi manbaga aylanib qolishgan.

Tadqiqotda Haynsbergda o‘tkazilgan sinov natijalaridan kelib chiqib butun Germaniyada 1,8 million nafar odam koronavirusni yuqtirgan bo‘lishi mumkin degan taxminiy xulosa berilgan. Bu ko‘rsatkich Robert Kox instituti taqdim etgan rasmiy ma'lumotlarga qaraganda 10 baravar yuqori.

Qanday tadqiqotlarga ishonish mumkin?

So‘nggi paytlarda ilm ahli koronavirus bilan bog‘liq ko‘plab surishtiruvlar o‘tkazdi. Ammo ularning aksariyati rasmiy ravishda tan olinmagan va e'lon qilinmagan. Shu tufayli ular mustaqil ekspertlarning bahosini olmagan. Harvard olimlari tomonidan olib borilgan izlanishlarni aksariyat olimlar «rapid communicaton» deb tasniflaydi. Bu ibora turli kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb mavzularga tegishli tadqiqotlarni ilmiy nashrlarda tez e'lon qilish jarayonini ko‘rsatish uchun ishlatiladi. Haynsbergdagi tadqiqotga kelsak, u ham hali mustaqil ekspertlar tomonidan baholanmagan.

Yoshlar ijtimoiy tarmoqlarda pandemiya paytida pikniklarga chiqqani yoki qandaydir namoyishlarda qatnashgani haqidagi chaqiriqli sarlavhalar va yorqin fotosuratlarni ulashganiga qaramay, ular boshqa yoshdagi odamlarga qaraganda karantin qoidalarini ko‘proq buzishi ilmiy jihatdan isbotlanmagan. Ammo 35 yoshgacha bo‘lgan odamlarga pandemiyaning iqtisodiy va psixologik oqibatlari kuchli ta'sir qilishi haqida ko‘plab dalillar mavjud.

Aynan shu yoshdagilar ota-onasi, bobo va buvisi kabi farovonlikka ega emas. Bunga sabab yoshlar o‘zi ishlab pul topishi kerak, keksalar esa pensiyasi bilan bemalol yashashi mumkin. Pandemiya ortidan e'lon qilingan karantin qoidalari tufayli ish topish oson emas. Buning ortidan turg‘unlik, ishsizlik o‘sib boryapti hamda asosiy zarba yoshlar va o‘rta yoshli kishilarga tushmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top