18:19 / 15.05.2020
73404
Rossiya karantindan chiqmoqda, bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? Shifokorlar fikrlari

Rossiyada 12 may kunidan boshlab koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq karantin cheklovlari yumshatilmoqda. Ba'zi hududlarda savdo markazlari va ochiq ayvonchaga ega kafelar ochildi. Qurilish va sanoat korxonalari ish boshladi.

Foto: Anton Vaganov / Reuters

Ba'zi hududlarda aholiga niqob taqish tavsiya qilindi yoki majburiy etib belgilandi. Ammo Rossiyada har kuni 10 mingga yaqin odamda koronavirus borligi aniqlanmoqda.

«Meduza» nashri pandemiya sharoitida ishlayotgan shifokorlar bilan suhbatlashib, karantin cheklovlarining yumshatilishi haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.

Ruslan Absalyamov, onkolog (Moskva):

– Koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatyapman. Cheklovlar yengillashtirilgan mamlakatlar epidemiya cho‘qqisidan o‘tib olishgan. Ularda koronavirus bilan kasallanganlik darajasi ancha pasaygan. Bizda esa yangi bemorlar miqdori oshib bormoqda. Bu esa karantin cheklovlarini yengillashtirishning samarali ekanini so‘roq ostiga qo‘yadi.

Iqtisodiyot uchun ham bu murakkab jarayon. Shu o‘rinda yo hayot, yo iqtisodiyot masalasi ko‘tariladi.

Agar davlat biznesni va aholini qo‘llab-quvvatlaganida, odamlar karantinda ko‘proq muddat o‘tirishi mumkin bo‘lar edi. Ammo ko‘pchilik buni qilolmaydi. Menimcha, shu tufayli cheklovlar yumshatilmoqda.

Niqob rejimi foydali ekani shubhasiz. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ham aytmoqda. Odamlar niqob taqqanida infeksiyaning tarqalish xavfi kamayadi. Ammo bunda niqobdan foydalanish qoidasiga amal qilish kerak. Uni bir necha soatdan keyin almashtirib turish lozim. Chunki ma'lum vaqtdan so‘ng u filtr bo‘lmay qoladi va aksincha, yuzasida viruslarni to‘playdi.

Menimcha, niqoblarni bepul tarqatish kerak. Hozir odamlar uni sotib olmoqda. Ammo daromadi pasayganlar bir niqobni olib, hafta davomida taqib yurishibdi. Bu holatda u teskari samara beradi.

Qo‘lqoplar masalasida bahslashsa bo‘ladi. Agar odam qo‘lqop bilan buyumlarni ushlasa, keyin ko‘zini arsa, ijobiy samara bo‘lmaydi. Misol uchun, do‘konga kirishdan oldin, qo‘lqop taqib, savdo qilib, qaytib chiqishda uni tashlab yuborish – to‘g‘ri ish. Ammo kuni bilan taqib yurish – foydasiz.

Yumshatishlar oqibati qanday bo‘lishini hozir aytish qiyin. Ba'zi davlatlarda yengillik berilganidan so‘ng epidemiyaning ikkinchi to‘lqini boshlanib ketdi. Mantiqan, bizda ham shunday bo‘lishini kutish mumkin.

Ammo qattiq karantinni ham samarali chora deb aytolmayman. Odamlar uydan chiqishi, sayr qilishi kerak. Ayniqsa, bu keksalar uchun muhim. Ko‘p odamlarda jismoniy faollik kamaygan va ularning sog‘lig‘iga buning qanday ta'sir qilishini bilmaymiz. Hammani uyiga qamab qo‘yish tarafdori emasman.

Menimcha, qandaydir murosaga kelish kerak. Ya'ni odamlarga qoidalarga amal qilishning muhimligini tushuntirish lozim. Agar uyda o‘tirish shart bo‘lsa, davlat ularni qayg‘urishi, qo‘llab-quvvatlashi lozim. Agar niqob taqish shart bo‘lsa, niqob tarqatish kerak. Har qanday cheklovlar odamlar bilan bamaslahat qilinishi va asosli bo‘lishi lozim. Shunda ular samara beradi.

Anna Belozerova, rentgenolog (Petrozavodsk):

– Biz hali epidemiyaning cho‘qqisiga chiqib olmadik, bemorlar soni oshmoqda. Karantin esa tibbiy emas, notibbiy sabablarga ko‘ra yumshatildi. Bu 1,5 oydan beri to‘xtab qolgan iqtisodiyot bilan bog‘liq.

Umuman olganda, Moskvada joriy qilingan karantin g‘alati bo‘ldi. Masalan, odamlarga xiyobonda yugurishga chiqish taqiqlandi, vaholanki bu umuman xavfsiz edi. Lekin elektron ruxsatnomalar joriy qilinganidan keyin metrodagi tiqilinchni hamma ko‘rdi. Natijada infeksiyaning keskin tarqalishi yuz berdi. Bunday karantin odamlarga faqat kuchli stressni berdi, deb o‘ylayman.

Hozir niqob rejimi joriy qilinmoqda. Ammo undan foydalanish qimmatga tushadi, narxlar ko‘tarilib ketgan. Bu borada Janubiy Koreya tajribasidan foydalanish mumkin. Ular niqob ishlab chiqarishni oshirib, ko‘chalarda hammaga tarqatishdi. Bizda esa narxlar balandligi bois, odamlar bir dona niqobni olib, kun bo‘yi taqib yurishga majbur bo‘lishi mumkin. Bu esa ularni himoya qilish samarasini pasaytiradi.

Qo‘lqop esa umuman zararli, u tibbiyot xodimlariga kerak. Uyda esa qo‘llarni yuvish samarali. Masalan, odam do‘konga kirib, qo‘lqopli qo‘llari bilan aravachani ushladi, keyin shu qo‘lqoplarda mashina haydadi. Bundan tashqari, qo‘lqopni to‘g‘ri yechish kerak, tashqi qismini ushlamaslik lozim. Shu tufayli, qo‘lqop kiygandan ko‘ra, mashinada sanitayzerni qo‘yish va u bilan hamma narsani dezinfeksiya qilish yaxshiroq.

Ko‘p millionli shaharlarda jamoat transportini yopish orqali karantin qilish kerak. Kareliyada bir oy oldin bu chorani qo‘llashdi. Natijada, bemorlar soni boshqa hududlarga qaraganda ancha kam – bu o‘z natijasini berdi. Albatta, Kareliyada transportni yopish Moskvaga nisbatan osonroq.

Hozir bizda, Kareliyada karantin cheklovlari yumshatildi. Odamlarga ko‘chaga chiqishga ruxsat berildi, sartaroshxonalar ochildi. Ammo jamoat transporti hali yopiq. Kareliyada epidemiya yana xuruj olmasa kerak.

Umuman olganda, kasallanish holatlari oddiy insonlarda emas, balki hech narsadan hayiqmaydiganlarda ko‘proq uchramoqda. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus xavfini kamaytirishga urinib, tushunarsiz narsalarni yozayotganlar ham bor. Agar odamlar qoidalarga amal qilishsa, navbatlarda tiqilinch bo‘lmasa, boshqa hududlarga sayohat qilishmasa, epidemiya tarqalmaydi.

Hozirgi vaqtda asosiy muammo apparatura yoki himoya vositalarining yetishmovchiligi emas, balki xodimlardir. Eng qo‘rqinchlisi – shifokorlar kasal bo‘lib, vafot etishmoqda.

Valentin Kovalev, infeksionist (Sankt-Peterburg):

– Fikrimcha, karantinni yumshatish to‘g‘ri emas. Kasallar soni oshib ketishi mumkin. Cheklovlar olib tashlanmasligi lozim. Odamlar ham bir narsani tushunib yetishi kerak – har qanday faoliyat minimum darajada bo‘lishi kerak.

Niqob va qo‘lqoplarga tegishli ko‘p omillar bor. Bir tomondan olib qaralsa, qo‘lqop taqish ortiqchadek tuyuladi, chunki uni taqish qoidalariga rioya qilish kerak. Agar odamlar qo‘lqop bilan telefonini va yuzini ushlasa, ma'no yo‘qoladi. Boshqa tomondan, qo‘lqop bilan ishlashga o‘rgangan odamlar yuzini ushlamaydi, qulog‘ini qashlamaydi. Uni ishlatish qoidalari bilan yaxshilab tanishish kerak. Ammo oddiy gigiyena qoidalariga rioya qilish qo‘lqopning o‘rnini bosadi. Qo‘lqopsiz yurganlik uchun jarimaga tortish – tibbiy sohaga taalluqli masala emas.

Niqoblarga keladigan bo‘lsak, ular atrofdagilarni himoya qilishi haqida ko‘p gapirildi. Ularni taqish foydali, chunki virusni hech qanday alomatsiz tashib yuruvchilar ko‘p. Bunday odam niqob bilan yursa, virusni tarqatmaydi. Ammo niqobni ham to‘g‘ri yechishni bilish kerak. Ko‘chada odamlarning niqobni qo‘li bilan to‘g‘rilashini yoki telefonda gaplashayotganda yechishini ko‘p ko‘rganman. Bunday harakatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Shifoxonalarimiz koronavirus bilan shug‘ullanadigan va boshqa kasallarga qaraydigan turlarga ajratilgan. Ammo infarkt bilan kelgan bemorda koronavirus yo‘qligiga hech kim kafolat berolmaydi. Natijada kasallik shifoxonaga tarqalib ketishi mumkin.

Bundan tashqari, butun dunyoda har qanday epidemiya xuruji surishtiriladi, o‘rganiladi, xulosa qilinadi. Bizda esa sanitariya nazorati idorasi jazolovchi organga aylangan. Ko‘pchilik muassasalarda zararlanish holatlari yashirilmoqda. Shu tufayli kasallik tarqalishining haqiqiy holatini hech kim bilmaydi.

Peterburgda himoya vositalari yo‘qligidan noligan shifokorlarni ko‘rdik. Bunda nafaqat mablag‘ masalasini, balki kerakli narsaning bozorda yo‘qligini ham inobatga olish lozim. Albatta, malakali xodimlarning yetishmovchiligi ham avvalgiga qaraganda o‘tkir muammoga aylangan.

Shahar chekkasidagi yangi mikrorayonlar ham alohida muammo. Ular rasman shahar hududiga kirmaydi, karantin choralari yengilroq. Ammo amalda shaharning bir qismiga aylangan, odamlar zich yashaydi, kontaktlar ko‘p. Shahar tez yordami ularga xizmat ko‘rsatmaydi, rayonning kichik shifoxonalari esa katta yuklama bilan ishlamoqda. Ba'zi bemorlar o‘z transportida shahar shifoxonalariga kelib, atrofidagilarga virus yuqtirmoqda. Bunga qarshi chora ko‘rish ilojsiz.

Albatta, ssenariyning qanday bo‘lishi mavhum. TV orqali cho‘qqiga chiqilgani aytilyapti, amma bemorlar va o‘lim soni ortib bormoqda. Testlarimiz esa koronavirus bilan xastalangan har bir holatni aniqlay olmayapti. Shu tufayli, voqealar rivojining qanday bo‘lishini bashorat qilish og‘ir.

Aleksandr Vanyukov, rentgen-jarroh (Moskva):

– Tibbiyot nuqtayi nazaridan qaraganda, karantinni yumshatish to‘g‘ri qaror emas. Bu meni biroz qo‘rqityapti. Menimcha, kasallanganlar miqdorining muntazam kamayib borishini kutish kerak edi. Hozircha buni ko‘rmayapmiz.

Insoniylik nuqtayi nazaridan esa karantinni yumshatish shart edi, chunki ko‘plab odamlarning yegani hech vaqosi qolmadi.

Bunday qaror natijasida bemorlar miqdori oshishi mumkin. Odamlar faol muloqot qilishni boshlashadi, ko‘p sayr qilishadi, buni Moskva misolida ko‘ryapmiz. Avvalroq metroda tiqilinchlar bo‘ldi, natijada bemorlar soni keskin oshib ketdi. Hozir cho‘qqiga yaqin joydamiz, ammo faol harakatlarning ko‘payishi natijasida undan yana uzoqlashishimiz mumkin.

Odamlar bitta niqob va qo‘lqop bilan bir necha kun yurishi aniq. Chunki ularning narxi qimmat. Bundan tashqari, himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanish kerak. Masalan, qo‘lqoplarnining poyini adashtirib yuborish, iflos qo‘llar bilan ushlash holatlari bor. Ulardan to‘g‘ri foydalanilmasa, taqib yurgandan foyda yo‘q.

Bundan tashqari, Moskvada ishidan ayrilganlar va karantinda o‘tirishni istamaganlarning ko‘pchiligi boshqa viloyatlarga, uyiga ravona bo‘lmoqda. Jami bemorlarning yarmini moskvaliklar tashkil etishini inobatga olsak, ular xavf-xatar manbayi bo‘lishi mumkin.

Odamlar bilan uchrashmay turishni maslahat berardim. O‘zingizni yakkalang. Chunki kasallanish darajasi yuqori va u pasaymayapti. Yaxshisi, ko‘chadagi odamlar bilan yaqin aloqada bo‘lmang.

Moskvada og‘ir kasallar sonining ortganini ko‘ryapmiz. Reanimatsiyalar to‘lib ketgan, ammo yengilroq bo‘limlarda joylar bor. Buning sababini bilmayman, lekin ahvol shunday. Umumiy olganda, shifoxonalarda joy bor, ammo og‘ir bemorlarning oqimi birdan ko‘paysa, joy deyarli qolmaydi.

O‘pkani sun'iy shamollatish apparatlari bilan ham muammolar bor. Bir nechtasi yonib ketganidan so‘ng, ularni tekshirishmoqda. Ammo o‘rnini bosadigan hech narsa yo‘q.

So‘nggi 2 haftada yangi markazlar ochildi. Natijada bemorlar oqimi biroz tartibga solindi. Hozir har doimgi yuklamada ishlayapmiz, ammo reanimatsiyalardagi ahvol jiddiy. Xodimlar bilan ham muammolar bor, ular kasallik yuqtirib olishyapti va 1 oyga safdan chiqishmoqda. Ularning o‘rnini ko‘ngillilar bilan to‘ldiryapmiz. Og‘ir, ammo chidasa bo‘ladi. Agar yangi to‘lqin yuzaga kelmasa, tizim bardosh bera oladi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top