08:36 / 15.05.2020
95334
Sirdaryoga yordam sifatida yuborilgan buyumlarning holati tasvirlangan fotosurat bo‘yicha izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryodagi oilalarga yordam sifatida aholi tomonidan yuborilgan buyumlarning ayanchli ahvoli tasvirlangan fotosurat tarqaldi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati ushbu holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, bu holat Guliston shahri N.Zokirov ko‘chasi 1-uyda joylashgan vaqtinchalik omborxonada kuzatilgan bo‘lib, bu ombor “Sardoba” suv omborida favqulodda holat yuz berganligi munosabati bilan ko‘ngillilar tomonidan insonparvarlik yordami sifatida yuborilgan kiyim-bosh va boshqa uy-ro‘zg‘or buyumlarini qabul qilishga mo‘ljallangan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

“Mazkur omborga yuborilgan buyumlar, avval Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash boshqarmasi xodimlari O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi tomonidan jalb etilgan faol yoshlar (volontyorlar) tomonidan ochiq maydonda saralanadi, shundan so‘ng epidemiologik xavfsizlikni ta'minlash yuqumli kasalliklar tarqashi ehtimolini kamaytirish maqsadida dezinfeksiya qilingan holda turlariga qarab omborning yopiq qismiga joylashtiriladi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Barchamizga ma'lumki, joriy yilning 13-14 may kunlari Guliston shahrida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi kuzatildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va odamlar ta'bini biroz xira qilishga sabab bo‘lgan holat, aynan ko‘ngillilar tomonidan yuborilgan buyumlarni yuk mashinalaridan tushirilib, saralash jarayoni ketayotgan bir vaqtda kuchli yomg‘ir yog‘gan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Tabiiyki, bu holatga u yerda faoliyat yuritayotgan volontyorlar omborning yomg‘irdan panaroq qismida yomg‘ir tinishini kutib turishgan. Xuddi shu vaziyatda noma'lum shaxs tomonidan suratga olinib, uning ijtimoiy tarmoqda tarqalishiga sabab bo‘lgan”, - deyiladi munosabatda.

Bildirilishicha, buyumlar saralanib, dezinfeksiya qilinganidan so‘ng favqulodda vaziyatda zarar ko‘rgan hamda vaqtincha evakuatsiya qilingan aholiga yetkazilmoqda.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top