00:08 / 15.05.2020
15463
Xitoyning eng boy odami o‘zgardi

Alibaba Group asoschisi Jyek Ma Xitoyning eng boy odami nomini yana Tencent Holdigs onlayn-o‘yinlar distribyutori asoschisi Ma Xuatenga boy berdi. 

Foto: REUTERS/BOBBY YIP

Bu haqda Forbes nashri xabar berdi. Ayni vaqtda Maning boyligi 40,7 mlrd dollarga, Ma Xuatenniki esa 48,3 mlrd dollarga baholanmoqda. 

Forbes’ning 2020 yil martda e'lon qilingan yillik reytingida Jyek Ma 38,8 mlrd dollar bilan xitoylik milliarderlar orasida 1-o‘rinni egallayotgandi. Ma Xuaten esa undan 700 mln dollar ortda qolayotgandi.

Nashr Ma Xuaten boyligining keskin ortishini Tencent aksiyalari narxi oshishi bilan bog‘lagan. Joriy yil boshidan beri ushbu kompaniya aksiyalari 14 foizga oshgan. Bu esa koronavirus pandemiyasi sharoitida uydan chiqishning cheklanishi ortida onlayn-o‘yinlarga talab oshgani bilan tushuntiriladi. Joriy yilning 1-choragida Tencent’ning tushumi 26 foizga oshib, 108 mlrd yuandan (15 mlrd dollar) ko‘proqni tashkil qilgan.

“Foydalanuvchilar uyda qolayotganlari sababli mahsulotlarimiz hech qachon bunchalik talabgir va dolzarb bo‘lmagan”, deb aytgan 13 may kuni Ma Xuaten.

Biroq Forbes’ning ta'kidlashicha, Xitoyda karantin cheklovlari bekor qilingach, Tencent xizmatlari va mahsulotlariga talab kamayishi mumkin, chunki cheklovlar olinishi odamlar, jumladan o‘smirlarning uylarda kamroq vaqt o‘tkazishlariga olib keladi, iqtisodiy vaziyatning yomonlashishi esa ularni o‘yinlarga xarajatlarni kamaytirishga undaydi.

Buning natijasida Jyek Ma va Ma Xuaten yana o‘rin almashishlari mumkin. Bundan avval Tencent asoschisi 2019 yil martdagi reytingda Mani ortda qoldirgandi, biroq Alibaba asoschisi noyabrda yetakchilikni yana o‘ziga qaytara olgan.

Shu bilan birga, Bloomberg mutaxassislari hisob-kitobiga ko‘ra, Jyek Ma hamon Ma Xuatendan boyroq hisoblanadi. Bloomberg Billionaires Index reytingiga ko‘ra, Jyek Ma hozirda dunyoning eng boy odamlari orasida 44,6 mlrd dollar bilan 19-o‘rinni, Ma Xuaten esa 1 mlrd dollarga kamroq boylik bilan 20-o‘rinni egallamoqda.

Top