11:18 / 15.05.2020
5133

Markaziy banki aprel oyida muomalaga qo‘shimcha 1,4 trln so‘m chiqargan

Markaziy bank naqd pul muomalasi bo‘yicha qisqacha sharh e'lon qildi.

2020 yilning o‘tgan davri mobaynida (yanvar-aprel oylari) bank tizimida naqd pullar aylanmasidagi holat va o‘zgarishlar mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar, jumladan, joriy yilning dastlabki choragidagi yuqori o‘sish sur'atlari ortidan aprel oyidagi iqtisodiy faollikning sustlashishi ta'sirida shakllandi, deb xabar bermoqda Markaziy bank.

Qayd etilishicha, 2020 yilning yanvar-aprel oylarida naqd pul aylanmasi hajmi 105,5 trln. so‘mni tashkil etgan holda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 41 foizga oshdi.

Mazkur davrda bank kassalariga naqd pullar tushumi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 39 foizga ko‘payib, 52,1 trln. so‘mni tashkil qildi.

Koronavirus pandemiyasi davrida mamlakatimizda e'lon qilingan karantin natijasida iqtisodiy faollikning sezilarli pasayishi bank kassalariga naqd pul tushumlariga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatdi. Xususan, joriy yil aprel oyida (7,9 trln. so‘m) mart oyiga (13,4 trln. so‘m) nisbatan tushum 41 foizga kamaydi.

Naqd pullarning banklarga oqimini sekinlashuviga karantin davrida:

  • fuqarolar, yo‘lovchi tashuvchi transport (mahalliy, temir yo‘l va havo transport) vositalarining harakatlanishiga doir cheklovlar;
  • korxonalar, xususan, chakana savdo (oziq-ovqat do‘konlari va dorixonalardan tashqari), nooziq-ovqat bozorlari va pullik xizmat ko‘rsatish korxonalari faoliyatining vaqtinchalik to‘xtatilishi;
  • soliqlar, kommunal xizmatlar, kredit foizlari va boshqa to‘lovlarning to‘lash muddatlari uzaytirilishi kabi omillar keltirilgan.

Bank kassalariga kelib tushgan naqd pullar hajmi naqd pulga bo‘lgan talab miqdoridan ko‘p bo‘lganligi sababli 2020 yilning I choragida 209 mlrd. so‘mlik naqd pullar muomaladan qaytgan bo‘lsa, joriy yilning aprel oyidagi holat muomalaga qo‘shimcha 1,4 trln so‘m chiqarishni taqozo etdi.

May oyidan boshlab naqd pul tushumlari qayta tiklana boshladi. Naqd pul tushumlari joriy yil aprel oyining birinchi 10 kunida 2,4 trln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, may oyining 10 kunida 700 mlrd. so‘mga oshib, 3,1 trln. so‘mga yetdi.

2020 yilning yanvar-aprel oylarida bank kassalari (shu jumladan, bankomatlar) orqali chiqim qilingan naqd pullar 53,4 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 42 foizga ko‘paydi.

Bildirilishicha, koronavirus pandemiyasi davrida mamlakatda e'lon qilingan karantin naqd pulga bo‘lgan talabga ham ta'sir ko‘rsatib, joriy yil aprel oyida banklardan berilgan naqd pullar oldingi oylarga nisbatan sezilarli darajada kamaydi.

Ushbu kamayish asosan karantin davrida faoliyatini to‘xtatgan xo‘jalik sub'yektlarining ish haqi to‘lovlari uchun naqd pulga bo‘lgan talabining 1,1 trln. so‘mga, shuningdek, xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining kamayishi ortidan naqd chet el valutasini sotib olish uchun yo‘naltiriladigan naqd pullar hajmining 2,0 trln. so‘mga qisqarishi hisobiga yuzaga keldi.

Natijada joriy yil aprel oyida naqd pullarga bo‘lgan talab tarkibida pensiya, nafaqa va ijtimoiy to‘lovlar hamda bank kartalaridan naqd pul yechish hajmining ulushlarda o‘sishi kuzatilib, banklar tomonidan berilgan naqd pullarning 56,3 foizi ushbu maqsadlar uchun yo‘naltirildi.

2020 yilning yanvar-aprel oylarida bank kartalariga jami 45,8 trln. so‘mlik mablag‘lar kelib tushib, ushbu davrda bank kartalaridagi 15,0 trln. so‘mlik mablag‘lar aholi tomonidan naqdlashtirib olingan.

Karantin davridagi cheklovlar (nooziq-ovqat tovarlar savdosi, turizm, madaniy dam olish, maishiy xizmat ko‘rsatish obektlari faoliyati to‘xtatilganligi) sababli aholining bank kartalaridagi mablag‘lari qoldig‘ining sezilarli darajada ko‘payishi kuzatilgan.

Bank kartalaridagi mablag‘lar qoldig‘i 2020 yil 1 may holatiga 6,4 trln. so‘mni tashkil etib, joriy yil 1 mart holatiga nisbatan 32,5 foizga, 1 aprel holatiga nisbatan 16,8 foizga o‘sdi.

Top