08:58 / 15.05.2020
5446
Yuridik mutaxassislikka qayta tayyorlash kurslarini ikkinchi oliy ta'lim bilan tenglashtirish taklif etildi

Oliy ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslarni yuridik mutaxassislikka qayta tayyorlash kurslarini ikkinchi oliy ta'lim bilan tenglashtirish taklif qilinmoqda.

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida oliy ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslarni yuridik mutaxassislikka qayta tayyorlash kurslari to‘g‘risida petitsiya joylashtirildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 iyundagi 453-son qaroriga 3-ilova sifatida tasdiqlangan “Oliy ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslarni yuridik mutaxassislikka qayta tayyorlash kurslari to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan. 

Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi: oliy ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslarni yuridik mutaxassislikka qayta tayyorlash kurslari — davlat organlari va boshqa tashkilotlarning yuridik xizmatlarida faoliyat olib borish uchun yetarli darajadagi bilim olishni va ko‘nikma shakllantirishni nazarda tutadigan oliy ta'limdan keyingi o‘qitish shakli. 

Qayta tayyorlash kurslarida o‘qitishning davomiyligi olti oyni tashkil etadi va asosiy ish joyidan ajralgan holda amalga oshiriladi. Ish beruvchining roziligiga ko‘ra, qayta tayyorlash kurslarida o‘qish davomida Markaz tinglovchilarining asosiy ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqi saqlanadi. 

Qayta tayyorlash kurslarida o‘qish ikkinchi oliy ma'lumot olish hisoblanmaydi. Auditoriya mashg‘ulotlarining maksimal hajmi haftasiga 30 soat miqdorida belgilanadi. O‘quv jarayoni davomiyligi 26 haftani tashkil etadi. 38. Umumiy o‘quv vaqti hajmi quyidagicha taqsimlanadi: nazariy ta'lim – 18 – 24 hafta; attestatsiya – 2 – 4 hafta; bitiruv ishi – 1-2 haftani tashkil etadi.

“Nizomda ushbu qayta tayyorlash kurslarini tamomlagan va maxsus diplomga ega bo‘lgan shaxslarni faqatgina davlat organlari va boshqa tashkilotlarning yuridik xizmatlarida faoliyat olib borishini belgilanganligi o‘z-o‘zidan ushbu kurslarni tamomlab yuridik xizmatning barcha turlari, ya'ni advokat, surishtiruvchi, tergovchi va boshqa yuridik sohalarda ishlashni cheklab qo‘yilishiga sabab bo‘lgan. 

Mazkur holat bunday kurslarning mavqeini tushirib va unda o‘qish ehtiyojini keskin tushirishi tabiiy. Shu sababli, mazkur kurslarni ikkinchi oliy ta'lim bilan tenglashtirishni taklif qilaman”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Top