16:03 / 16.05.2020
6349

Falokatdan zarar ko‘rgan aholi yashash punktlarining 90 foizida nasos orqali suv to‘liq chiqarildi – FVV

Bugun, 16 may kuni Sirdaryoda Xalqaro press klub sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarma boshlig‘i Komiljon Aripov Sardoba texnogen falokati oqibatini bartaraf etish bo‘yicha qilingan ishlar haqida ma'lumot berdi.

Foto: FVV matbuot xizmati

«Sardoba texnogen falokati oqibatlarini bartaraf etish uchun 1-2 may kunlari 1 331 nafar shaxsiy tarkib, 128ta yong‘in-qutqaruv texnikalari, 83ta ekskavator, 360ga yaqin texnika, 200ga yaqin motopompa jalb etildi. Falokatning birinchi to‘lqinida 22ta aholi punktlaridan odamlarni evakuatsiya qilgan bo‘lsak, ikkinchi to‘lqin kelganda esa jami 28ta aholi punktlaridan 89 ming 450 nafar aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilindi.

Keyingi navbatda suv bosgan hududlarda qolib ketgan fuqarolarni qutqarish ishlarini olib bordik. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya bilan birgalikda 12ta qayiq, 34ta maxsus texnika, 890 nafar shaxsiy tarkibni jalb qilgan holda 294 nafar fuqarolar qutqarildi. Zarar ko‘rgan hududlarda to‘plangan suvni chiqarib yuborish ishlari bajarildi. Hozir aholi yashash punktlarining 90 foizida suv nasoslar yordamida to‘liq chiqarildi», deb axborot berdi Aripov.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top