15:09 / 16.05.2020
27674
JSST koronavirusning bolalar uchun xavfli oqibatidan ogohlantirdi

Dunyoning turli burchagidagi shifokorlar SARS-CoV-2 virusi tarqalishi oqibatida hali to‘liq o‘rganilmagan Kavasaki sindromiga chalinayotgan bolalar sonining o‘sishi kuzatilayotganidan xabar berishdi.

Foto: REUTERS

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adanom Gebreyyesus barcha mamlakatlardagi shifokorlardan koronavirus yuqtirib olgan bolalarda Kavasaki sindromi (multisistemali yallig‘lanish sindromi) alomatlari paydo bo‘layotganiga alohida e'tibor qaratishni so‘radi.

«So‘nggi paytlarda Yevropa va Shimoliy Amerikadan kelayotgan xabarlarda intensiv terapiya bo‘limlariga multisistemali yallig‘lanish holatiga tushib qolgan, Kavasaki sindromiga va zaharli shok sindromiga o‘xshash alomatlarga ega bolalar yotqizilayotgani aytilmoqda», — dedi Gebreyyesus.

Dastlabki ma'lumotlarga qaraganda, bu sindromning rivojlanishi aynan koronavirus bilan zararlanish oqibatida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.

«Bu klinik sindromni zudlik bilan sinchiklab o‘rganish, uning kelib chiqish sabablarini tushunish va davolanish yo‘llariga ta'rif berish lozim... Butun dunyo shifokorlarini bolalardagi bu xavfli sindromdan ogoh bo‘lishga, hukumat vakillari va JSST bilan hamkorlik qilishga chaqiraman», dedi JSST rahbari.

Gebreyyesusning so‘zlariga ko‘ra, JSST bu sindromning dastlabki ta'riflarini va u aniqlangan holatlarda to‘ldiriladigan hisobot shaklini ishlab chiqdi.

Kavasaki sindromiga birinchi marta 1967 yilda yaponiyalik pediatr Tomisaku Kavasaki tomonidan ta'rif berilgan. Odatda u 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni zararlaydi. Bu sindrom oqibatida bemorda qon tomirlari yallig‘lanishi (vaskulit) va bezgak boshlanadi. Ba'zan anevrizma, tromb va bolaning o‘limiga olib keladi. Hozircha bu kasallikni davolashning samarali usullari yo‘q. Bunda shifokorlar asosan simptomlarga qarshi davolash usulidan foydalanishmoqda.

Koronavirus bilan kasallangan bolalarda Kavasaki sindromiga o‘xshash alomatlar paydo bo‘layotgani haqidagi xabarlar dastlab aprel oyining oxiri, may oyining boshida paydo bo‘ldi. Xususan, 27 aprel kuni Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Mett Henkok, 5 may kuni Nyu-York ma'muriyati bu haqda xabar berishdi. 

13 may kuni The Lancet tibbiyot nashri Italiyaning koronavirus o‘chog‘iga aylangan Bergamo viloyatida Kavasaki sindromi bilan xastalangan bemorlar soni keskin oshgani haqida yozdi.

«SARS-CoV-2 epidemiyasi Kavasaki kasalligi og‘ir shakllarining tarqalishiga olib keldi. Epidemiya avj olgan boshqa mamlakatlarda ham uning xuruj qilishi kutilmoqda», — deyiladi tadqiqot xulosalarida.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top