10:20 / 16.05.2020
4209
Samarqand davlat tibbiyot institutida «Zamonaviy tibbiyotning dolzarb masalalari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi
Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti

15 may kuni Samarqand davlat tibbiyot institutida «Zamonaviy tibbiyotning dolzarb masalalari» mavzusida talaba-shifokorlar va yosh olimlar ishtirokida an'anaviy 74-xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. Bu yilgi anjuman karantin sabab onlayn tarzda o‘tkazildi. Karantin bo‘lganiga qaramay, konferensiyada qatnashish uchun mamlakatimiz va 7ta xorijiy davlatlardan jami 550 muallifdan 900dan ortiq ilmiy tezislar va maqolalar kelib tushdi.

SamDTI tashkil etgan bu yilgi ilmiy-amaliy konferensiya O‘zbekistonda «2020 yil – Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» davlat dasturi ijrosiga muvofiq institutning 90 yillik yubileyi arafasida o‘tkazildi.

Konferensiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad yosh olimlar va talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb qilish, tadqiqot natijalarini taqdim qilishga o‘rgatish va muloqot doiralarini kengaytirish orqali innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy qilishga ko‘maklashish bo‘ldi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning yalpi majlisi yagona teleko‘prik orqali bog‘langan va yakdil jamoa sifatida birlashgan holda boshlandi. Yalpi majlis ishini institut rektori professor Jasur Rizayev tabrik so‘zi bilan ochib berdi va olib bordi. Yalpi majlisda O‘zbekiston va MDH mamlakatlarining 10ta oliy tibbiy o‘quv yurtlaridan 500dan ortiq olimlar va talabalar qatnashib, tashkilotchilar va institut rahbariyatiga o‘zlarining eng iliq so‘zlarini yo‘lladilar.

Konferensiyaning yalpi majlisi va 8ta sho‘'ba majlislarida Belarus, Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina, Janubiy Koreya va Tojikistondan 12ta va mamlakatimizning 6ta tibbiyot oliygohlaridan 150dan ortiq talaba va yosh olimlari bevosita chiqish qildi. Har bir sho‘'ba majlisida 200ga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Eng dolzarb va qiziqarli ishlar mualliflari diplom bilan taqdirlandilar.

Konferensiyaning barcha materiallari SamDTI chop etiladigan «Biologiya va tibbiyot muammolari» ilmiy jurnalida nashr qilinadi. Umid qilamiz, konferensiyada bildirilgan fikrlar, taklif va xulosalar mamlakatimizda tibbiyot rivojiga, sohaga innovatsiyalarni kiritish, mohir tibbiyot kadrlarini voyaga yetkazish va xalqimizga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini ko‘tarishga xizmat qiladi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati

Top