22:04 / 16.05.2020
110705
Samarqanddagi «kasallik o‘choqlari» haqida ma'lumot berildi

O‘tgan ikki hafta davomida Samarqandda 156 kishida koronavirus aniqlangan. Bu haqda Koronavirus Info telegram kanalida ma'lumot berildi.

«Samarqandda 12 may kuni 19 nafar, 15 may kuni 23 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bugun esa viloyatda yana 19 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi qayd etildi», deyilgan xabarda.

Manbada aytilishicha, viloyatda koronavirus asosan oltita «kasallik o‘choqlari» orqali tarqalgan: «Birinchi o‘choq Toyloq tumanida, ikkinchi o‘choq Oqdaryo tumanida, uchinchi o‘choq Payariq tumanida, to‘rtinchi o‘choq Ishtixon tumanida, beshinchi o‘choq Samarqand shahri va oltinchi o‘choq xalqaro yuk tashish avtomashinasi haydovchisi bilan bog‘liq.

Ayni damda viloyatda aniqlangan bemorlar soni 261 nafarni, sog‘ayganlar esa 154 nafarni (bugun 10 nafar bemor sog‘aygan) tashkil etmoqda. Hozirda davolanayotgan bemorlar soni bo‘yicha Toshkent shahridan (293 nafar bemor davolanmoqda) keyin Samarqand viloyati (106 nafar bemor davolanmoqda) ikkinchi o‘rinda turibdi», deyilgan xabarda.

Odamlar orasida Toyloq tumani Samarqanddagi koronavirus keng tarqalgan hudud ekani haqida mish-mishlar aprel oyi o‘rtasida paydo bo‘lgandi. Ma'lumot uchun, 26 apreldan buyon tumanga kirish va chiqish cheklangan. Tumandagi qishloqlar orasida ham blokpostlar o‘rnatilgan bo‘lib, har qanday kirish va chiqish ruxsat asosida amalga oshirilmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top