16:46 / 16.05.2020
12750

Sardoba texnogen falokati bo‘yicha mahalliy xabar berish tizimi ishlab chiqilishi kerak edi – FVV 

Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarma boshlig‘i Komiljon Aripov Sardoba fojiasi bo‘yicha aholini xabardor qilish tizimidagi kamchiliklar va kelgusida qilinadigan ishlar bo‘yicha izoh berdi.

Komiljon Aripov / Foto: Xalqaro press-klub

«2017 yilda korxona tomonidan aholini texnogen falokatdan xabardor qilish bo‘yicha texnik topshiriq ishlab chiqilgan. 6 kilometr uzunlikda Navbahor, Cho‘lquvvat, Qo‘rg‘ontepa, Yangi Qishloq, Guliston, Tohariston, Chamanzor hududlariga xabar beruvchi tovushli vositalar o‘rnatish belgilangan.

Xabar berish tizimi 3ta bosqichdan iborat. Birinchisi – markazlashgan bo‘lib, respublika darajasida bo‘ladi. Ikkinchisi – mahalliy miqyosda xabar berish. Bunda suv omboriga yaqin o‘sha hududlar kiradi va oxirgi bosqich obektning ichki qismida ro‘y bergan falokatdan xabar qilish.

Sardoba texnogen falokati bo‘yicha mahalliy xabar berish tizimi ishlab chiqilishi kerak edi. «Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, falokat haqida xabar berish obekt rahbariyati zimmasiga yuklatilgan. Aholiga xabar berish tizimi juda qimmat turadi. Omborda suv ma'lum sathga ko‘tarilganda 1 soat ichida avtomatik tarzda xabar berishi kerak», dedi Aripov.

FVV vakilining qo‘shimcha qilishicha, falokatning birinchi kunidayoq aholini xabardor qilish uchun qisqa raqamli 12-05 call-markazi tashkil qilindi. Hozirgi vaqtgacha 7 449ta qo‘ng‘iroqlar qabul qilingan. Fuqarolar falokat nima sababdan sodir bo‘lgani, qancha odam vafot etgani, qanaqa yordam kerakligi haqida eng ko‘p (5 661ta qo‘ng‘iroq) so‘rashgan.

Shuningdek, odamlar oziq-ovqat, kiyim-kechak, chorva va uy hayvonlarini topish, qarindoshlarini, hujjatlarini izlash, qutqaruv yordami so‘rab qo‘ng‘iroq qilishgan. Murojaatlar hokimiyatlarga yo‘naltirilib, kerakli yordam berilgan. Hozir ham kuniga 20-30ta qo‘ng‘iroq bo‘layotgani aytildi.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top