15:33 / 16.05.2020
31058
Sardoba toshqinidan qishloq xo‘jaligi ko‘rgan talafot hajmi ma'lum qilindi

«Sardoba» suv omboridagi texnogen ofat oqibatida Sardoba, Oq oltin, Mirzaobod tumanlarida 19 592 gektar yer maydonida qishloq xo‘jaligi ekinlari suv ostida qolib talafot ko‘rgan. Bundan 9 676 gektari paxta, 5 984 gektari g‘alla va 3 932 gektarini boshqa ekin maydonlari tashkil etadi.

Foto: FVV matbuot xizmati

Xalqaro press-klubning Sardoba suv omboridagi hodisaga bag‘ishlangan sessiyasida ofat oqibatida qishloq xo‘jaligi sohasiga yetgan zarar bo‘yicha ma'lumot berildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayevga ko‘ra, talafot ko‘rgan 7 622 gektar paxta va 3 958 gektar g‘alla maydoni buziladi. Paxtadan 2 053 gektar, g‘alladan 2 026 gektar maydon saqlab qolinadi.

«Buzilgan maydonga nima ekamiz? 3 260 gektar maydonda chigit ekiladi. Qoraqalpog‘iston respublikasi bilan gaplashildi, bugun-ertaga «S-4727» navli urug‘lik yetib keladi. Ungacha o‘zimizning «Sulton» tezpishar navi ekib turiladi», deb Shuhrat Teshayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, zarar ko‘rgan hudud aholisining daromad olishini ta'minlash maqsadida eksportbop dukkakli ekinlar ekishga e'tibor qaratiladi.

«Talafot ko‘rgan xalq daromad bilan yashashi kerak. Uning daromadini tezroq ta'minlash uchun birinchi navbatda suv kam talab qiladigan, eksportbop dukkakli ekinlar, xususan, mosh ekiladi. Nima uchun aynan mosh? Chunki u amal davrida suv talab qilmaydi, yetilishi bilan namiga ekilib, ko‘kartirib olinsa, boshqa tashvishi yo‘q. Ekinning o‘zi azotni o‘zlashtirib olaveradi. Gektaridan 1-1,5 tonna mosh olinsa, 1-1,5 ming dollar daromad olish imkoniyatiga egamiz.

Shuningdek, bo‘shab qolgan yerga sabzavot va poliz ekinlari ham ekilishi rejalashtirilgan», dedi Shuhrat Teshayev.

Ma'lum bo‘lishicha, qishloq xo‘jaligiga yetgan talafotni qoplash uchun davlat budjetidan jami 9,5 mlrd so‘m ajratiladi.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top