20:40 / 17.05.2020
4838
Bektemir tumanida navbatdagi ezgu amal: 60 nafar fuqaro sog‘lomlashtirish uchun shifoxonaga joylashtirildi

Muqaddas Ramazon kunlarida, xalqimizning saxovatpeshalik an'analariga muvofiq yana bir ezgu reja amalga oshirildi. Poytaxtning Bektemir tumanida Ikkinchi jahon va Afg‘on urushi qatnashchilari, keksalar, nogironlar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlardan iborat 60 nafar fuqaro sog‘lomlashtirish uchun shifoxonaga bepul joylashtirildi.

Bektemir tumanidagi 6-sonli Toshkent shahar shifoxonasi bugungi kunda barcha sharoitlarga ega va xalqimiz salomatligini tiklashda samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Shu maskan Ikkinchi jahon va Afg‘on urushi qatnashchilari, front ortida mehnat qilganlar, nuroniy otaxonlar va duogo‘y onaxonlarimizdan iborat 60 nafar fuqaroni bepul sog‘lomlashtirish uchun o‘z bag‘riga oldi.

Davomli bo‘lishi kutilayotgan bu ezgu harakatda tumanning to‘rtta sektor rahbarlari, tuman hokimi Mamajanov Shohrux Baxtiyorovich,  tuman prokurori Atajanov Doniyor Yusupovich, tuman IIO FMB boshlig‘i Iminov Ziyod Galipovich, tuman DSI boshlig‘i Davlatov Ilhomjon G‘ulomjonovich,  qator tashkilotlar mutasaddilari va deputatlar kengashi kotibiyat mudiri Kamoliddin Sobirov qatnashdilar.

Sektorlar rahbarlari karantin qoidalariga rioya qilgan holda sog‘lomlashtirish uchun olib kelingan fuqarolarni shaxsan kutib oldilar va ular dam olish xonalaridan tortib oshxonalargacha ko‘zdan kechirdilar.

Suhbat chog‘ida Bektemir tumani hokimi Shohrux Mamajanov:

– Tumanimiz hududida joylashgan bu shifoxona yaqinda butunlay qayta ta'mirlandi va zamonaviy usulda jihozlandi. Yangi deb hisoblashimiz mumkin bo‘lgan bu maskanda dastlab nuroniylarimizni qabul qilish va ularning duolarini olishni maqsad qilgandik. Mana bugun ulug‘ ayyom kunlarida shu rejamiz amalga oshib turibdi va bundan juda xursandmiz.

Otaxon va onaxonlarimiz sog‘-salomat bo‘lsalar bo‘lgani, biz, tuman mutasaddilari ularga xizmat qilishdan charchamaymiz, – dedi.

Ta'kidlash joiz, shifoxonaning shinam xonalarida barcha sharoitlar yaratilgan, televizor, muzlatkich kabi jihozlar o‘rnatilgan. Rejalangan davolanish kunlarida fuqarolarga turli konsertlar va ko‘ngilochar dasturlar taqdim etish mo‘ljallangan. Tumandagi tadbirkor homiylardan biri savob umidida mehmonlar uchun barcha oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishni o‘z zimmasiga olgan.

Top