01:07 / 17.05.2020
11202
Saudiya Arabistoni jamg‘armasi narxlar tushganidan foydalanib AQShdagi eng yirik kompaniyalar aksiyalarini sotib oldi - OAV

Jamg‘arma Boeing, Citigroup, Facebook, Disney, Bank of America, Berkshire Hathaway kabi kompaniyalarning bir necha milliard dollarlik aksiyalarini sotib olgan.

Foto: IZVeSTIYa/Aleksandr Kazakov

Saudiya Arabistoni suveren jamg‘armasi (Public Investment Fund, PIF) neft narxi arzonlashishi va koronavirus pandemiyasi sababli aksiyalar narxining tushib ketishidan foydalanib Amerikadagi yetakchi kompaniyalar va banklarning minoritar ulushlarini sotib oldi. Bu haqda AQSh qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasiga tayanib CNBC telekanali xabar berdi

Suveren jamg‘arma ushbu komissiyani Boeing korporatsiyasining 713,7 mln dollarlik ulushini, Citigroup bankining 522 mln dollarlik qimmatli qog‘ozlarini va Facebook kompaniyasining shuncha miqdordagi ulushini sotib olganidan xabardor qilgan. Jamg‘arma shuningdek, Disney kompaniyasi aksiyalariga 495,8 mln, Bank of America aksiyalariga 487,6 mln dollar sarflagan va milliarder Uorren Baffettga qarashli Berkshire Hathaway fondining kichikroq paketini sotib olgan. 

The Wall Street Journal aprelda Saudiya Arabistoni suveren jamg‘armasi bir necha hafta davomida Norvegiyaning Equinor, Angliya-Gollandiyaning Royal Dutch Shell, Fransiyaning Total va Italiyaning Eni kompaniyalari aksiyalarini qariyb 1 mlrd dollarga sotib olganini yozgandi. 

Bloomberg agentligi o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Saudiya Arabistoni suveren jamg‘armasi investitsiya banklaridan qariyb 10 milliard dollar qarz olmoqchi. Agentlik manbalariga ko‘ra, jamg‘arma dunyodagi eng yirik kompaniyalarning aksiyalarini sotib olishi uchun unga likvidlik kerak. 

Saudiyaliklar pandemiya boshlanganidan buyon o‘z ulushlarini oshirmoqda, deb yozadi Bloomberg. Ushbu strategiyani aprel oyida jamg‘arma boshqaruvchisi Yosir al-Rumayyan ham ham tasdiqlagan: uning so‘zlariga ko‘ra, jamg‘arma inqiroz tufayli iqtisodiy silkinishlar ochadigan barcha imkoniyatlarni o‘rganmoqda. 

Jamg‘arma rahbari ushbu jamg‘arma "ko‘plab imkoniyatlarni" kutayotganini aytgan va jumladan, aviakompaniyalar, energetika va ko‘ngilochar kompaniyalarni ham eslab o‘tgandi.

Bloomberg manbalarining ta'kidlashicha, jamg‘arma global investitsiya portfelini kengaytirishga qaror qilgan. Uning investitsion xaridlari orasida Carnival Corp kruiz operatori, Marriott International Inc mehmonxonalar tarmog‘i, Suncor Energy va Canadian Natural Resources kabi energetika kompaniyalari ulushlari bor, deb yozadi agentlik.

Top