15:23 / 17.05.2020
56329
Surxondaryoda koronavirus bemorlaridan biri vafot etdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda yana bir kishi koronavirusdan vafot etgani va jami qurbonlar soni 12 nafarga yetgani to‘g‘risida xabar berdi.

Surxondaryo viloyatida koronavirus tashxisi qo‘yilgan bemorlardan biri yurak qon-tomir va o‘tkir nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

«Xalqaro masofaga qatnashga mo‘ljallangan yuk avtomashina haydovchisi I. Rossiyadan Tojikiston orqali Surxondaryoga kirib kelgan. Asli sirdaryolik bo‘lgan ushbu fuqaroda ikki tomonlama pnevmoniya og‘ir kechib, 5 may kuni viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. O‘tkazilgan diagnostik tahlillardan so‘ng bemorda Covid-19 infeksiyasi ham aniqlangan.

Shu yilning 11 may kuni esa ahvoli yomonlashgach, Covid-19 infeksiyasining og‘ir kechishi, ikki tomonlama o‘tkir bronxopnevmoniya og‘ir turi tashxisi bilan reanimatsiya bo‘limiga olingan. Bo‘limda bemorga mutaxassislar tomonidan belgilangan standartlar asosida reanimatsion yordam ko‘rsatilgan.  

Bundan tashqari, vazirlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha bosh mutaxassislari va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislari tomonidan telemeditsina orqali konsiliumlar ham o‘tkazilib, doimiy nazorat ta'minlangan. Biroq ko‘rsatilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan sun'iy nafas olish apparatida bo‘lgan bemor yurak qon-tomir va o‘tkir nafas yetishmovchiligidan vafot etgan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

  • 16 may holatiga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida 44 kishiga koronavirus tashxisi qo‘yilgan, ulardan 40 nafari sog‘aygan.

Endilikda O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 12 nafarga yetdi. 

Bungacha Toshkentda 5, Namanganda 4, Farg‘ona va Samarqandda bir nafardan bemor vafot etgandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top