20:43 / 17.05.2020
12129
Xalqaro diplomatiya, o‘zbeklarga xos sifatlar va Abdulla Qodiriy haqida - AQSh elchisi bilan suhbat

AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniel Rozenblyum Kun.uz muxbiri bilan onlayn intervyuda mamlakat haqidagi taassurotlari, elchixona faoliyati, pandemiya sharoitidagi xalqaro munosabatlar va boshqa qator mavzulardagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

– Assalomu alaykum, janob Rozenblyum. Intervyuga vaqt ajratganingiz uchun minnatdorlik bildiramiz. Ayni damdagi karantin holati elchixona faoliyatiga qanday ta'sir ko‘rsatdi?

– Avvalambor, intervyuga taklif etganingiz uchun rahmat. Siz va sizning auditoriyangiz bilan suhbat qurish doimo maroqli.

Karantin bizning elchixona faoliyatiga qanday ta'sir qilgani haqidagi savolga javob berishdan avval O‘zbekiston fuqarolari, ayniqsa, Sirdaryo va Jizzaxda suv toshqinidan aziyat chekkan insonlarga o‘z hamdardligimni bildiraman. Odamlar o‘z uylari, mol-mulklarini yo‘qotganlarini ko‘rish juda ham qayg‘uli. Aminmanki, butun mamlakat aholisi jabrlanganlarga yordam berish haqida o‘ylamoqda. Odamlar tinimsiz kiyim-kechaklar, oziq-ovqat va boshqa narsalarni to‘plab, Sirdaryo va Jizzaxga yuborishayotganiga guvoh bo‘ldim.

Kuni kecha Sirdaryoga yuborish uchun xayriya yig‘ilayotgan joyga – Toshkentdagi Yoshlar ittifoqi idorasiga bordim. Amerikaning nodavlat notijorat tashkiloti ham Sirdaryoda yordamga muhtoj bo‘lgan oilalarga kerakli narsalar uchun moliyaviy ko‘mak ajratish maqsadida ushbu xayriyaga qo‘shildi. U yerga narsalarni yuk mashinasiga ortish va jarayonni kuzatish maqsadida bordim. Bunday holatni ko‘rish juda ham qayg‘uli, biroq odamlarning bir-biriga yordam berayotganiga guvoh bo‘lish ruhlantiradi.

AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniel Rozenblyum

Savolingizga kelsak, avvalo mening AQSh elchisi sifatidagi asosiy burchim – elchixonamizda ishlaydigan mahalliy va amerikalik xodimlar, shuningdek, O‘zbekistonda bo‘lgan va yashayotgan Amerika fuqarolarining xavfsizligi va salomatligini ta'minlashdan iborat. Bular mening juda muhim bo‘lgan asosiy vazifamdir. Shu bois biz pandemiya vaqtida salomatlik va xavfsizlikni qanday himoya qilish haqida o‘yladik.

Birinchidan, xodimlarimizning ko‘p qismi ishga, ya'ni elchixonaga kelishmayapti. Ular mobil telefonlari, kompyuterlaridan foydalangan holda masofadan turib ishlashmoqda. Biroq ayrim insonlar ish faoliyatlari turi yoki imkoniyatlari tufayli masofadan turib ishlay olishmaydi. Shunga qaramay, ular uyda qolishsa ham, kamroq ish qilishsa ham, o‘z maoshlarini vaqtida olishadi.

Biz barchani o‘z lavozimida ushlab qolish imkoniga egamiz. Hech kim ishini yo‘qotmaydi va xodimlar oylik maoshlarini olishda davom etishadi.

Umuman olganda, pandemiya elchixona faoliyatiga katta ta'sir ko‘rsatdi. Sababi, diplomatik harakatlar deyarli to‘xtab qoldi. Ko‘p narsalar koronavirus tufayli cheklangani uchun odatdagidek diplomatik faoliyat va aloqalarni olib borish juda qiyin.

Albatta, O‘zbekiston hukumati pandemiyaga qarshi choralarga katta e'tibor qaratmoqda. Men oxirgi 7 hafta ichida birorta hukumat vakili bilan yuzma-yuz uchrashganim yo‘q. Hozirda ayrim insonlar bilan aloqalarni telefon, hozirgidek videomuloqotlar orqali ushlab turishga harakat qilmoqdaman.

Masalan, sizlarning AQShdagi elchingiz, janob Vahobov bilan Skype orqali suhbatlashdim. O‘tgan hafta Oliy Majlisda bo‘lib o‘tgan selektorda video orqali ishtirok etdim. Unda senator Akmal Saidov «Inson huquqlari» mavzusida nutq so‘zladi.

Shuningdek, tashqi ishlar vaziri bilan xorijiy masalalar, jumladan, Afg‘oniston borasida telefon orqali muntazam ravishda muloqotdaman. Shunday qilib, pandemiya faoliyatimizga katta ta'sir ko‘rsatdi, lekin biz aloqalarni ushlab turish uchun doim harakatdamiz.

– Fikringizcha, pandemiyadan so‘ng xalqaro diplomatiyaning holati qanday bo‘ladi? Mamlakatlar xalqaro munosabatlarda nimalarga ko‘proq e'tibor qaratishlari lozim?

– Bu chindan ham ajoyib savol. Bu meni oldindan bashorat qila olmaydigan masalalar haqida ko‘proq o‘ylashga undaydi. Mazkur pandemiya ilgari boshimdan o‘tkazgan holatlarga mutlaqo o‘xshamaydi. Fikrimcha, bu borada ko‘pchilik shunday fikrda bo‘lsa kerak.

Bu vaziyat so‘nggi 35 yil ichidagi professional tajribamda kuzatganlarimdan butunlay farq qiladi. Va bu kelajagimizga qanday ta'sir o‘tkazishi mumkinligini bashorat qilish juda ham mushkul. Bu menga xuddi bundan bir necha ming yillar avval kashfiyotchi-tadqiqotchilar Atlantika okeani orqali AQSh tomon suzib, o‘zlari uchun mutlaqo notanish bo‘lgan hududga borgan vaqtdagi hissiyotni yodga solmoqda. Ular okeanning u tomonida qanday davlat bor bo‘lishi mumkinligi haqida hech nimani bilishmagan va biz ayni damda xuddi mana shunday vaziyatdamiz.

Menga aniq bo‘lgan bir narsa shundan iboratki, mazkur pandemiya har birimizga bizning dunyo bir-biriga chambarchas bog‘liqligini anglashni o‘rgatdi. Dunyo davlatlari turizm, tashqi savdo va yana ko‘plab murakkab aloqalar bilan bir-biriga bog‘langan.

Bu, aksar hollarda, ijobiy bog‘liqlikdir. U dunyoga va insonlarga turli xil manfaatlarni taqdim etadi. Biroq ba'zida bu salbiy ko‘rinishga, murakkablikka ham ega bo‘lib, hayotimizga xavf tug‘diradi. Mening fikrimcha, bu inqiroz bilan barcha mamlakatlar hamjihatligini qay darajada zaiflashtirishini qayta baholaydigan davr keladi.

Sizga kichik bir misolni aytib o‘tmoqchiman. Ayni damda AQShning salomatlik bilan bog‘liq zarur vositalar borasida boshqa davlatlarga qaramligi bo‘yicha turli tahlillar olib borilmoqda. Masalan, koronavirusga qarshi kurashishda bizga kerak bo‘lgan ko‘plab vositalarni boshqa davlatlardan keltirishimiz kerakligini angladik. Fikrimcha, bu noqulaylik tug‘diradi. Mening taxminimga ko‘ra, bu inqirozdan keyin AQSh qanday qilib favqulodda holatlar uchun zarur vositalarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarish mumkinligi haqida bosh qotiradi.

Bu bor-yo‘g‘i birgina misol. Lekin fikrimcha, ko‘plab mamlakatlar xuddi shunday masalalarga e'tibor qaratishni boshlaydi.

– Koronavirus pandemiyasi vaqtida AQSh tomonidan O‘zbekistonga hamda O‘zbekistonda yashaydigan AQSh fuqarolariga qanday yordam ko‘rsatilmoqda?

– Biz qo‘ldan kelgancha yordam ko‘rsatishga harakat qilyapmiz. Chunki barchaga ma'lum bo‘lganidek, o‘zimizning davlatimiz ham koronavirusdan aziyat chekayotgan bir vaqtda bu oson ish emas.

Bu pandemiyadan mamlakatlar bir-biriga yordam berishi qanchalik muhim ekanligini o‘rgandik. Bu – xalqaro, global inqiroz va buni faqatgina xalqaro hamkorlik bilangina yo‘q qilish mumkin.

Toshkentda elchixona xodimlari bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda BMT tomonidan tashkil etilayotgan va O‘zbekistonga kelayotgan COVID-19ga bog‘liq ko‘maklarni taqsimlashga qaratilgan doimiy kundalik uchrashuvlarda qatnashib kelmoqdamiz. Maqsad – ehtiyojlarni aniqlash va ular orasidan muhimlarini belgilash, shuningdek, kim qanday ko‘mak ajrata olishini kelishib olishdir.

Ushbu hamkorlik orqali AQSh katta ko‘mak ajratdi. O‘zbekistonda koronavirus holati aniqlanmasidan avval, fevral oyida tibbiyot xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalari (tibbiyot niqoblari, qo‘lqoplar, xalatlar) taqdim etdik. Navbatdagi xayriya mart oyida taqdim etildi. Shundan so‘ng biz ko‘proq e'tiborni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hamda kasalxona, tibbiyot xodimlarining COVID-19 pandemiyasi bilan kurashishdagi, ya'ni koronavirus diagnostikasi, qanday qilib tibbiyot xodimlarini himoya qilish, testlarni o‘tkazish va yana boshqa ko‘plab jihatlar bo‘yicha salohiyatini oshirishga ko‘maklashishga qaratdik. Mana shu kabilar so‘nggi ikki oy davomidagi diqqat markazimizda bo‘ldi.

Shu kunlarda esa O‘zbekistonning COVID-19 testini o‘tkazish bo‘yicha tajribasini oshirish yo‘lida ko‘proq ishlamoqdamiz. Bu nafaqat amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish, balki kerakli uskunalarni – test cinovi uchun maxsus to‘plam, dori vositalari, zarur materiallar bilan ta'minlashni ham o‘z ichiga oladi. Bundan ko‘zlangan maqsad esa testlarni aniq va tezkor amalga oshirish hamda natijalarni tezroq qo‘lga kiritishdir.

Yaqinda bizning Kasalliklarni nazorat qilish markazi (CDC) testlar salohiyatini oshirish, kerakli laboratoriya jihozlarini xarid qilish uchun 2 million dollar ajratishini ma'lum qildi.

Men kuni kecha yana bir yangilikdan, ya'ni Kasalliklarni nazorat qilish markazi O‘zbekistonga aholi salomatligi uchun o‘z Favqulodda operatsiyalar markazini rivojlantirishda ham yordam berishidan xabar topdim. Bizda bunday markaz bor va fevral oyida AQShga qaytganimda u yerga o‘zim borishga muvaffaq bo‘lganman. Men Atlantadagi Kasalliklarni nazorat qilish markazi bosh idorasiga borib, Favqulodda operatsiyalar markazi qanday ishlayotganiga guvoh bo‘lgandim. Endi mazkur markaz O‘zbekistonga ham bu boradagi salohiyatini oshirishga yaqindan ko‘mak beradi. Biz tez kunlarda yana ko‘plab xayriya ko‘maklarini amalga oshirish haqida xabar beramiz. Hozircha asosiy yordamlar mana shulardan iborat.

– O‘zbekistonda viza berish jarayoni qachon qayta tiklanishi haqida ma'lumot bera olasizmi?

– Bu borada aniq bir gap ayta olmayman. Menda aniq javob yo‘q. Shuni ayta olamanki, barchaga ma'lum bo‘lgani kabi bizning elchixona taqdim etayotgan konsullik xizmatlari to‘xtatildi va bu global miqyosda yuz berdi, ya'ni AQShning butun dunyodagi elchixonalarida to‘xtatildi.

E'lon qilganimizdek, joriy yilning 22 iyuniga qadar immigratsion vizalar berilmaydi. Shuningdek, bu O‘zbekistonda ommabop bo‘lgan boshqa turdagi vizalarga (noimmigratsion vizalar) ham taalluqli.

Vashingtonda vizalar berish jarayonini tez orada qayta tiklash bo‘yicha muzokaralar ketmoqda. Biz esa rasmiy e'lonni kutmoqdamiz. Shu sababli elchixonamiz saytini muntazam ravishda kuzatib borishni maslahat bergan bo‘lardim. Viza berish jarayoni qayta tiklanishi bo‘yicha, albatta, rasmiy ma'lumot beriladi.

– Ijtimoiy tarmoqlarda kuzatyapmiz, chiqishlar qilib turibsiz. Umuman, O‘zbekistondagi karantin choralari sizning hayotingizga qanday ta'sir qildi?

– Albatta, bu dunyodagi har bir inson hayotiga ta'sir etgani kabi mening hayotimga ham ta'sir o‘tkazdi. Elchixonaga haftada bir necha marta boryapman, ammo asosan uyda ishlayapman. Ishdan bo‘sh vaqtda esa kitob o‘qiyapman, videolar, filmlar ko‘raman. Ko‘proq jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishga harakat qilyapman. Uyimda jismoniy mashqlar bajarish uchun ba'zi jihozlar borligidan xursandman. Yana hovlimdagi bog‘da sayr qilaman. To‘g‘ri, u unchalik ham katta emas, lekin bog‘ atrofida qayta-qayta piyoda yuraman.

Quvonarlisi, Toshkentda bahor fasli juda ham chiroyli ekan. Bu – mening O‘zbekistonda o‘tkazayotgan birinchi bahorim. Menga quyosh ostida ajoyib havodan bahra olish juda ham yoqdi. Shu sababli ko‘p vaqtimni bog‘da o‘tkazmoqdaman.

Shuningdek, ko‘plab o‘quvchilarga ma'lum bo‘lsa kerak, hozir bu yerda bir o‘zimman, oilam esa AQShga qaytib ketgan. Ular bilan imkon qadar tez-tez bog‘lanib turishga harakat qilyapman. 17 yoshli qizim bor, biz u bilan birgalikda kitob o‘qimoqdamiz. Har kuni bir bo‘limni o‘qib bo‘lgach, unga o‘qigan bo‘limimiz bo‘yicha savollarni yuboraman. U esa o‘z fikrlarini o‘rtoqlashadi va biz shu tariqa birgalikda kitob mutolaa qilamiz.

O‘zbekistondagi barcha insonlar izolyatsiya, masofaga qaramay, o‘zaro muloqotni saqlab qolishga harakat qilishmoqda. Fikrimcha, oila va do‘stlar bilan bilan birga bo‘lish juda ham muhim, ayniqsa mana shunday murakkab vaziyatlarda.

– Janob elchi, yaqin kunlarda qanday kitoblar o‘qidingiz?

– O‘qish – men chin dildan yaxshi ko‘radigan mashg‘ulotlardan biri. Yoshligimdanoq kitob o‘qishni juda sevganman. Turli ishlar bilan band bo‘lganim uchun ko‘p kitob o‘qishga vaqtim yo‘qligidan afsuslanaman.

Hozir o‘qiyotgan kitoblarimga kelsak, menga tarix yoqadi. Universitetda ham tarix yo‘nalishida tahsil olganman. Ko‘p mutolaa qiladigan kitoblarimning aksariyati ham tarixiy asarlar yoki tarixiy voqealar asosidagi badiiy asarlardir.

Oxirgi marta o‘qigan kitobim – «The Last Days of Night» (Tunning so‘nggi kunlari) bo‘lib, unda elektr energiyasining ixtiro qilinishi, undan yorug‘lik va boshqa maqsadlarda foydalanish to‘g‘risida hikoya qilinadi. Bu badiiy asar bo‘lsa ham, u buyuk ixtirochi Tomas Edison hayoti haqida va yana bir boshqa muhandis, temir yo‘l havo tormozi ixtirochisi Jorj Vestingaus va Nikola Tesla o‘rtasidagi munosabatlar asosida yozilgan. Judayam qiziqarli, ajoyib asar.

Bundan avval yana bir qiziqarli kitob o‘qidim. U Islom paydo bo‘lish tarixi haqidagi asar. Nomi – «In the Shadow of the Sword» (Qilich soyasida), ingliz yozuvchisi va tarixchisi tomonidan yozilgan. Umuman olganda, men juda ko‘p o‘qiyman va tarixni yaxshi ko‘raman.

– Qaysi asarlarni o‘qishni tavsiya etasiz?

– Odatda, men bunday maslahatlar bermayman. Chunki har bir inson o‘z qiziqishi, xohishiga ko‘ra kitob o‘qiydi va har kimning tanlovi har xil.

Nima o‘qish kerakligini ayta olmayman, lekin o‘zim o‘tgan yili sevib o‘qigan va barchaga o‘qishni tavsiya eta oladigan bir kitob haqida aytib o‘tmoqchiman. Bu – Buyuk Britaniyada yashovchi o‘zbek yozuvchisi Hamid Ismoilov tomonidan yozilgan «Jinlar bazmi» (inglizchada «The Devils' Dance») asaridir.

Bu asar judayam qiziqarli roman bo‘lib, taniqli o‘zbek adibi Abdulla Qodiriy hayotining so‘nggi ikki yiliga bag‘ishlangan. Ismoilov o‘z asarida Qodiriyning qamoqda o‘tgan yillari va uning qo‘lyozmalari haqida hikoya qiladi.

Bizga ma'lum, Qodiriy ham bir necha yozuvchilar qatorida Stalin davri qatag‘onlari qurboniga aylangan va otib tashlangan. Romanda muallif Abdulla Qodiriyning so‘nggi asarini yozishi davomidagi voqealarni tasvirlashga harakat qilgan.

Qodiriy so‘nggi asarida Qo‘qon xoni va Buxoro amiri, shuningdek, ularga kanizak bo‘lgan 19-asrning taniqli o‘zbek shoirasi haqida yozishni maqsad qiladi. U hayotining so‘nggi kunlarida qamoqdagi qiynoqlardan azob chekishiga qaramay, mana shu asarni xayolan yozadi.

Bir so‘z bilan aytganda, bu kitobni o‘qishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Asar o‘zbek va ingliz tillarida chop etilgan.

– O‘zbekiston va o‘zbekistonliklarni uchta sifat bilan ta'riflay olasizmi?

Saxovatli. Odamlar nafaqat o‘zlarida borini ulashish bilan, balki ochiq ko‘ngillik bilan chin yurakdan bor mehr-muhabbatini ko‘rsata olishi bilan ham saxiydirlar. Ular ko‘ngildagini berkitmay, o‘z tuyg‘ularini namoyish eta oladilar va men bu xislatni juda qadrlayman.

Keyingi sifat – xilma-xillik (diverse). Bu bilan O‘zbekistonda turli millatga mansub insonlar yashashini nazarda tutmayapman. Aytmoqchimanki, mamlakatning butun kelib chiqish tarixi, madaniyatining shakllanishi juda ko‘p turli zanjirlarga bog‘langan. Forslar, arab dunyosi, Islom dunyosi, Xitoy – barchasi bilan bog‘liqligi kishida, shu o‘rinda, menda qiziqish uyg‘otadi.

Ijtimoiy (social). Odamlar bir-biri bilan muntazam ravishda muloqotda bo‘ladi. Mahalla, umumiy jamoa bo‘lib birgalikda ishlashadi.

Ijtimoiy – bu neytral sifat bo‘lib, u ham ijobiy, ham salbiy ma'noda kelishi mumkin. Men esa asosan ijobiy tomondan qayd etmoqdaman. Ba'zan odamlarning shaxsiy hayoti uchun yetarlicha vaqti bo‘lmaydi.

Sizning jamiyatingizda kishilar o‘z shaxsiy hayotining sir qolishiga amerikaliklarchalik katta e'tibor beradi, deb o‘ylamayman. Chunki ijtimoiylik, birdamlikka ko‘proq urg‘u beriladi.

Bular – mening bir yil davomidagi faoliyatim va avvalgi tashriflarimdan keyingi taassurotlarimdir. Men mamlakatingizni, undagi odamlarni juda ham yaxshi ko‘raman va O‘zbekistondaligimdan baxtiyorman.

– Janob elchi, samimiy suhbatingiz uchun tashakkur. Umid qilamizki, tez orada ushbu pandemiya inqirozini yengib o‘tamiz. Sizning O‘zbekistondagi missiyangizda ulkan zafarlar tilab qolamiz.

– Katta rahmat.

Feruza Avazova suhbatlashdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top