18:00 / 18.05.2020
61085
Aviaqatnov va poyezd yo‘lovchilariga koronavirusga test topshirish talabi bekor qilindi

Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan, ichki yo‘nalishlardagi aviareyslar va poyezdlar yo‘lovchilaridan koronavirusga test topshirish talabi bekor qilindi.

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

18 maydan boshlab Toshkent shahridan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga aviaqatnovlar hamda Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga «Afrosiyob» tezyurar poyezdi va Farg‘ona vodiysiga temir yo‘l qatnovi uchun koronavirus infeksiyasiga test topshirish talabi belgilangan edi.

18 may kuni Respublika maxsus komissiyasi ushbu talabni bekor qildi.

Xabar qilinishicha, bunda aholining karantin sharoitidagi iqtisodiy holati va harakatlanish vaqtida yo‘lovchilarning ijtimoiy masofa saqlashiga sharoit mavjudligi e'tiborga olingan.

Shuningdek, fuqarolarning hududlararo harakatlanishida ortiqcha noqulayliklar yuzaga kelishining oldini olish maqsad qilingan.

Endilikda yuqorida ko‘rsatilgan reyslar bo‘yicha harakatlanayotgan yo‘lovchilardan koronavirus infeksiyasiga test tahlillari olingani haqidagi ma'lumotnoma talab etilmaydi.

«Shu bilan birga, avia va temir yo‘l qatnovlarini tashkil etishda barcha karantin qoidalariga amal qilish, shu jumladan, yo‘lovchilar sonini kamaytirish, dezinfeksiya qilish va boshqa sanitariya talablari so‘zsiz bajarilishi talab etiladi», – deyiladi Maxsus komissiya axborotida.

Eslatib o‘tamiz, Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligining 16 maydagi qarori bilan yo‘lovchilarning test topshirishi narxi 224 ming so‘m etib belgilangan edi.

O‘tgan hafta mahalliy yo‘nalishlardagi avia va temir yo‘l qatnovlari bo‘yicha vaqtinchalik tartib e'lon qilindi. Unga asosan, yo‘lovchilar havo kemalari va temir yo‘l vagonlariga ijtimoiy masofani saqlagan holda joylashtiriladi.

Tana harorati 37 S dan yuqori bo‘lgan yo‘lovchilarga ruxsat berilmaydi, bunday holatlarda chipta puli belgilangan tartibda qaytarib beriladi.

Yo‘lovchilarning qatnov vaqtida samolyot salonida va vagonlar bo‘ylab harakatlanishi (hojatxonadan foydalanish holatlari bundan mustasno), himoya niqoblari va qo‘lqoplarni yechishiga ruxsat berilmaydi (yo‘lovchilarning suv ichish holatlari bundan mustasno).

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top