19:04 / 18.05.2020
13438
Haydovchi yuk mashinasini G‘allaoroldan o‘tkazib qo‘yish evaziga IIB xodimiga katta pora taklif qildi

16 may kuni G‘allaorol tumanida chigit ortilgan yuk mashinasini noqonuniy tarzda hududdan chiqarib qo‘yishni so‘rab, IIB xodimiga pora taklif qilgan fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda Jizzax viloyati IIB axborot xizmati Kun.uz’ga xabar berdi.

Foto: Jizzax viloyat IIB axborot xizmati

Xabar qilinishicha, G‘allaorol tumanining «Mulkush» QFY hududida «KamAZ» rusumli yuk avtomashinasidan boshqa yuk avtomashinasiga chigit mahsuloti ortilayotgani ichki ishlar xodimlarining e'tiborini tortgan. Surishtiruv davomida «Kamaz» rusumli avtoulov haydovchisi — Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumani yashovchi, 49 yoshli A.A ekanligi aniqlangan.

U avval ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 211-moddasi, 1-qismi (pora berish) bilan sudlangan. A.A. chigitni Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida joylashgan «Qarshi-Koson ekstrakt yog‘» zavodiga olib ketayotganini ma'lum qilgan.

«Ichki ishlar organlari xodimlari holat yuzasidan tegishli tartibda hujjatlarni rasmiylashtirishga kirishganlarida, haydovchi hujjatlarni rasmiylashtirmaslik, tergov organlariga o‘tkazmaslikni iltimos qilgan. Qolaversa, yuk mashinasini chigit mahsuloti bilan birga G‘allaorol tumani IIB hududidan chiqarib berish evaziga kapitan F.Jomurodovga 8 million so‘m pora taklif qilgan. Tezkor vakil haydovchini uning bu xatti-harakatlari noqonuniy ekanligi to‘g‘risida bir necha marta ogohlantirgan.

Ammo haydovchi fikridan qaytmagan. Natijada kapitan F.Jomurodov mazkur holat to‘g‘risida IIV o‘z xavfsizlik boshqarmasi Jizzax viloyati bo‘limiga ma'lum qilgan. Ushbu ma'lumot asosida tezkor tadbir uyushtirilgan va haydovchi ichki ishlar organlari xodimiga 6 million 950 ming so‘m hamda 150 AQSh dollari bergan vaqtda xolislar ishtirokida ushlangan.

Ayblanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi, 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan», deyiladi IIB axborot xizmati xabarida.

Top