18:05 / 18.05.2020
38544
«Skver»dagi avtoturargoh o‘rnida nima qurilmoqda?

Toshkent shahrida avtoturargohlar muammosi azaldan mavjud va kun sayin kuchayib bormoqda. Bu tabiiy, iqtisodiy o‘sish, aholi ko‘payishi va ko‘pchilikning markazga intilishining o‘ziga xos salbiy oqibatidir.

Foto: KUN.UZ

Ijtimoiy tarmoqlarda «Poytaxt» savdo markazi ro‘parasidagi bepul avtoturargoh o‘rnida qurilish olib borilayotgani va endi Toshkentdagi kam sonli bepul avtoturargohlardan birining taqdiri noma'lum qolayotgani to‘g‘risida xavotirli xabarlar tarqaldi. Hadiklarni tushunish mumkin, Matbuotchilar ko‘chasida joylashgan bu qurilish maydonini chin ma'noda poytaxt markazi deb atasa bo‘ladi – 200 qadam yursangiz Amir Temur xiyoboniga, yana shuncha qadam bilan mamlakat ramzi bo‘lgan Mustaqillik maydoniga chiqasiz. Ro‘parada Sayilgoh ko‘chasi va «Poytaxt» savdo markazi, qator do‘konlar va tashkilotlar, yonginasida matbuot korpusi, sal nariroqda Markaziy bankning bosh binosi, Alisher Navoiy teatri...

Shahar markazidagi bunday «qaymoq» joyda kim, qanday asosda qurilish qilyapti va endi avtoturargoh taqdiri nima bo‘ladi? Hududda hamisha avtomobillar gavjum bo‘lgan, qolaversa, ayni shu kunlarda mashinalar belgilanmagan joyga qo‘yilgan holatlarni aniqlash bo‘yicha planshetlar orqali ma'lumot yig‘ish va jarimaga tortish amaliyoti boshlangan. Endi ish bilan bu joyga borganlar avtomobillarini qayerga qo‘yadi?

Kun.uz muxbiri shu va boshqa savollarga javob topish uchun qurilish maydoniga – sobiq avtoturargohga bordi.

Hududda ustalar ishlashmoqda, hali o‘rab olinmagan bo‘lsa-da, ko‘plab konteynerlar tushirib qo‘yilgan. Ammo qurilish pasporti ko‘rinmaydi. O‘ra qazilmagan, qurilish shtabi ham, yirik texnika ham yo‘qligidan kelib chiqib aytish mumkinki, jarayon hali dastlabki bosqichda. Hududdagi ishchilar va quruvchilardan loyihaga oid aytarli ma'lumot olib bo‘lmadi.

Kun.uz vaziyatga izoh olish maqsadida Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Furqat Mahmudxo‘jayev bilan bog‘landi.

«Matbuotchilar ko‘chasidagi 0,23 gektar maydon Toshkent shahar hokimining 2019 yil 28 martdagi 467-sonli qarori asosida Chexiyaning «IMP NEW PAY» kompaniyasiga 25 mln AQSh dollaridan kam bo‘lmagan investitsiya kiritish sharti bilan ajratib berilgan. Loyiha muntazam o‘tkazib kelinayotgan «Investorlar kuni» doirasida taqdim etilgan va bu yerda 1-2-3-qavatlari savdo do‘konlari, yuqori qavatlari ofislardan iborat 9 qavatli bino qurilishi rejalashtirilgan. Ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan mavzu – avtoturargoh masalasi boshidanoq nazarda tutilgan. Binoning yerto‘la qismi (-1,-2,-3 qavatlari) to‘lig‘icha avtoturargoh bo‘ladi.

Bu talabni qo‘yganimiz sababi ma'lum – hudud hamisha avtomobillar bilan gavjum, atrofda turli tashkilotlar ko‘p, ayniqsa yoz oylarida sayilgohga keluvchilar ko‘p bo‘ladi. Shu paytgacha sobiq avtoturargohda 180ta avtomobil uchun o‘rin bo‘lgan bo‘lsa, qurish bitganidan so‘ng 250ta avtomobil uchun o‘rin qilinadi va eng muhimi tashrif buyuruvchilar bu joylardan bepul foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Demak, xavotirlarga o‘rin yo‘q, qurilish yakuniga ko‘ra avtoturargoh nafaqat yo‘qolmaydi, balki sig‘imi kengayadi», deydi Furqat Mahmudxo‘jayev.

Hokimlik vakili maydon nega ochiq auksionga chiqarilmay qaror bilan berilgani haqidagi savolga ham javob berdi.

«Qaror sanasiga e'tibor bersangiz bir yildan ortiq vaqt o‘tgan. Investor qurilishni ancha kech boshlagani shunday tushunmovchiliklar keltirib chiqardi», deydi u.

Top