16:55 / 18.05.2020
12911
Xorijda koronavirusdan vafot etgan fuqarolarni O‘zbekistonga olib kelish tartibi ma'lum qilindi

Chet elda koronavirus tufayli vafot etgan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga olib kelish va dafn etish uchun hududiy Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlariga murojaat etish zarur hisoblanadi.

Bugun, 18 may kuni AOKAda o‘tkazilgan onlayn brifingda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov koronavirus kasalligi bilan ro‘yxatga olingan yoki gumon qilinib, vafot etgan chet eldagi O‘zbekiston fuqarolari jasadini O‘zbekistonga olib kelish va dafn etish tartibi haqida ma'lumot berdi.

Uning ta'kidlashicha, koronavirus kasalligi bilan ro‘yxatga olingan yoki gumon qilinib, vafot etgan shaxslarni dafn etish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligining alohida ko‘rsatma xati mavjud.

Mazkur hujjatga muvofiq:

  • Covid-19 kasalligi bilan ro‘yxatga olingan yoki gumon qilinib, vafot etgan bemorlar jasadini tegishli patanatomiya bo‘limiga yoki Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy markazi va uning hududiy filiallariga qarashli jasad tashiydigan maxsus transport vositasida epidemiyaga qarshi barcha chora-tadbirlarga rioya qilgan holda tashilishi;
  • patanatomiya bo‘limi sud-tibbiy ekspertiza ilmiy markazi va uning hududiy filiallari, shuningdek chet davlatlardan havo yo‘llari va avtomobil yo‘li orqali Covid-19 kasalligi bilan ro‘yxatga olingan yoki gumon qilinib, vafot etgan bemorlar tobuti uyga olib borilmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri qabristonga olib borilib, dafn etilishi;
  • mayitni kutib olish va qabristonga yetkazish tadbirlari alohida ajratilgan maxsus avtotransport vositasi yordamida amalga oshirilishi zarur.

Shuningdek, mazkur ko‘rsatma xatida mayitni yaqinlari va qarindosh-urug‘lariga berib yuborish qat'iyan man etilishi va shaxsi aniqlanmagan, qarindoshlari tomonidan olib ketilishi rad etilgan jasadlarni alohida ajratilgan qabristonga barcha qoidalarga rioya etgan holda dafn etilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

«Ko‘rsatma xatida Covid-19 kasalligidan vafot etgan bemorlar jasadini, xavfsizlikni ta'minlagan holda, dafn etishga tayyorgarlik ko‘rish va dafn marosimida marosim ishtirokchilari o‘rtasida kasallik tarqalib ketishi oldini olish tadbirlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlarining malakali epidemiologlari tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Demak, chet elda koronavirus tufayli vafot etgan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga olib kelish va dafn etish uchun hududiy Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlariga murojaat etish zarur», deya qayd etdi Nurmat Otabekov. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top