14:59 / 19.05.2020
7954

DXX qariyb 65 kg giyohvand moddani musodara qildi

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan bir tadbirning o‘zida sal kam 62 kg giyohvand moddaning mamlakat hududiga kirib kelishi holati aniqlangan.

Xabar qilinishicha, Tojikiston Respublikasidan katta miqdordagi giyohvandlik moddasi kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilib, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanining «Sarijar» mahallasi hududiga yashirib qo‘yilgani haqida olingan ma'lumot asosida DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan va voqea joyidan 61 kg 838 gr gashish giyohvandlik moddasi protsessual tarzda rasmiylashtirib olingan.

Hozirda mazkur giyohvand moddaning kimga tegishli ekanligini aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, xizmatning Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan fuqaro A.S. boshqaruvidagi «Lasetti» rusumli avtomashina ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasidan 1,5 kg gashish giyohvandlik moddasi topilgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, Qirg‘iziston Respublikasida yashovchi «Akrom» ismli shaxs ushbu giyohvand moddani aylanma yo‘llar orqali Yangiqo‘rg‘on tumaniga olib o‘tib, uni A.S.ga yetkazish uchun mazkur tumanning «Oqtom» mahallasida yashovchi, 1972 y.t. B.K.ga topshirgan. O‘z navbatida B.K. og‘uni viloyat markazida kutib turgan A.S.ga yetkazib beradi. Tezkor tadbir davomida B.K. ham voqea joyida ushlangan.

Shuningdek, Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1991 y.t. U.S. Qirg‘iziston bilan chegaraoldi hudud hisoblangan «Yog‘du» mahallasida DXX va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan to‘xtatilib, tekshirilganda, uning yonidan 278 gr. gashish giyohvandlik moddasi hamda 1000 AQSh dollari topilgan.

Aniqlanishicha, U.S. mazkur giyohvandlik moddasini qirg‘izistonlik «Baxt» ismli shaxsdan olib, kontrabanda yo‘li bilan respublika hududiga olib kirgan.

Xizmatning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda Surxondaryo viloyatining Denov shahrida yashovchi 1987 y.t. A.O‘. boshqaruvidagi «Lasetti» rusumli avtomashina G‘uzor tumanidagi YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, avtomobilning motor qismiga yashirib qo‘yilgan 506 gr. gashish hamda 236 gr. opiy giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Aniqlanishicha, A.O‘. ushbu giyohvand moddalarni Tojikiston Respublikasida yashovchi «Xurshid» ismli shaxsdan 4500 AQSh dollariga sotib olib, kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekiston Respublikasi hududiga o‘tkazgan va uni kelgusida sotish maqsadida Qarshi shahriga olib ketayotgan bo‘lgan.

Bundan tashqari, Andijon viloyati Paxtaobod tumanida yashovchi fuqarolar 1991 y.t. A.I., 1998 y.t. S.Q. va 2002 y.t. A.O‘. mazkur tumanning «Uyg‘ur» qishlog‘i hududidan o‘tuvchi O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasidagi sim to‘siqlari ustidan qirg‘izistonlik shaxslar tomonidan uloqtirilgan 479 gr. gashish giyohvandlik moddasini qabul qilib olishgan vaqtda DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

O‘tkazilgan barcha tezkor tadbirlar davomida jami 64 kg 600 gr. gashish va 236 gr. opiy giyohvand moddalari musodara qilingan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top