22:13 / 19.05.2020
12057

Endi Andijon va Xorazmda ham haydovchilik guvohnomalarini davlat xizmatlari markazlarida yangilash mumkin – DXA

Andijon viloyatining Andijon tumani hamda Xorazm viloyatining Xiva shahridagi davlat xizmatlari markazida eski haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish xizmatini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Kun.uz’ga Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

“Ayrim sabablarga ko‘ra Andijon va Xorazm viloyatlarida ushbu uskuna mavjud bo‘lmagan. Mazkur hududlar aholisi bu yerda ham Davlat xizmatlari markazlari orqali “prava” almashtirish xizmatini yo‘lga qo‘yish masalasida ko‘p marotaba DXAga murojaat qilgan edi.

Albatta, DXA bunday murojaatlarni e'tiborsiz qoldirmagan va “prava” almashtirish xizmatini ko‘rsatuvchi DXMlar geografiyasini yanada kengaytirdi. Endilikda mazkur xizmatni Andijon tumani, Xiva shahri va Qorako‘l tumani (Buxoro viloyati) Davlat xizmatlari markazlarida ham olish imkoni mavjud”, deyiladi agentlik xabarida.

DXA karantin davrida Davlat xizmatlari markazlarida faqatgina kechiktirib bo‘lmaydigan xizmatlar ko‘rsatilayotganini eslatib, aholiga o‘zlari va yaqinlarining sog‘ligini xavf ostiga qo‘ymasdan, xizmatlardan onlayn foydalanishni tavsiya qiladi. Qayd etilishicha, davlat xizmatlari markazlari orqali karantin yakuniga yetganidan so‘nggina eski haydovchilik guvohnomasi yangi namunadagisiga almashtirib berilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari 2021 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb topiladi. Shu sababli 2020 yil 31 dekabrga qadar eski namunadagi barcha milliy haydovchilik guvohnomalari yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasiga almashtirilishi kerak.

Eski guvohnomani yangisiga almashtirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 70 foizi miqdoridagi pul, pasport va eski haydovchilik guvohnomasi hamda uning taloni taqdim etilganda amalga oshiriladi.

Top