10:00 / 19.05.2020
3381

«KAFOLAT sug‘urta kompaniyasi» AJ: Aholiga 10 kunda deyarli 1 mlrd so‘m sug‘urta qoplamalari to‘landi

«KAFOLAT sug‘urta kompaniyasi» AJ navbatdagi 10 kunlikda, ya'ni 2020 yilning 8 mayidan boshlab 18 may kunigacha respublikamizning barcha hududlarida yetkazilgan turli zararlar yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlarni tezkorlik bilan o‘rganib, fuqarolarimizga va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga 947,5 mln so‘m sug‘urta qoplamalarini to‘lab berdi.

Shu bilan birga, Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida sodir bo‘lgan favqulodda hodisa natijasida zarar ko‘rgan aholiga va tadbirkorlik sub'yektlariga moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatish maqsadida «KAFOLAT sug‘urta kompaniyasi» AJ tezkor ishchi guruhi talofat sodir bo‘lgan kundan buyon Sirdaryo viloyatida bo‘lib turibdi. 

Talofat natijasida kompaniya tomonidan sug‘urta qilingan 60 dan ortiq obektlarga zarar yetgani aniqlanib, mijozlarga sug‘urta qoplamalarini to‘lab berish ishlari boshlab yuborildi.

Bundan tashqari, Buxoro viloyatida 27 aprel kuni yuzaga kelgan kuchli shamol va yog‘ingarchilik natijasida kompaniyaning zarar ko‘rgan obektlar bo‘yicha jami javobgarligi 21,9 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lib, ushbu holat bo‘yicha bugungi kunga qadar 8 ta obektda yetkazilgan zarar miqdori baholanmoqda, 13 ta murojaat bo‘yicha esa jami 195,1 mln so‘m miqdorida sug‘urta qoplamalari to‘lab berildi.

«KAFOLAT sug‘urta kompaniyasi» AJ Axborot xizmati

Top