16:58 / 19.05.2020
10998

Suv toshqinidan jabr ko‘rganlarga kompensatsiya to‘lovi uchun aholiga plastik kartalar ochib berilmoqda

Talofat ko‘rgan 4 351ta xonadon egalariga ularga to‘lanadigan kompensatsiya pullarini tushirish uchun yangi plastik kartalar ochib berildi. Buning uchun ulardan bank xizmatlariga hech qanday to‘lov undirilmagan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Murod Sodiqov Sirdaryo viloyatida toshqindan zarar ko‘rgan hududlarda qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.  

Uning ta'kidlashicha, ayni paytga qadar Xalq banki tomonidan toshqinda talafot ko‘rgan 4 351ta xonadon egalariga ularga to‘lanadigan kompensatsiya pullarini tushirish uchun yangi plastik kartalar ochib berilgan. Buning uchun ulardan bank xizmatlariga hech qanday to‘lov undirilmagan. Shuningdek, 294 kishining yo‘qolgan plastik kartalari qayta tiklangan.

«Bundan tashqari, talafot ko‘rgan aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining banklardan mavjud 186,2 milliard so‘mlik kreditni qaytarish muddati 6 oygacha uzaytirib berildi.

Jiddiy zararlangan 541 uyda ta'mirlash ishlari ham olib borilmoqda», deya qayd etdi Murod Sodiqov onlayn brifingda.

Bundan tashqari, hozirga qadar 1 349 nafar fuqaroning biometrik pasportlari tiklangan, qayta o‘rganish natijasida 1 116 fuqaroning pasporti topilgan. Hozirgi kunda 983 fuqaroning pasportlarini tiklash ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, 818ta tug‘ilganlik va 12ta o‘lim haqidagi, 291ta nikoh guvohnomalari ham tiklangan.

Ma'lumot uchun, aholining toshqinda yo‘qolgan hujjatlari davlat hisobidan tiklab beriladi.

Bundan avvalroq suv toshqinidan jabrlangan 4,5 mingdan ortiq oila boshliqlariga 40 million so‘mdan berilishi ma'lum qilingandi.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top