22:30 / 19.05.2020
7755
Lotin Amerikasi koronavirus pandemiyasining yangi o‘chog‘iga aylanishi mumkin

Lotin Amerikasida koronavirusga chalinish holatlari bir oy ichida 7 marta, undan o‘lim 8,5 martaga oshgan. Shu sababli ushbu mintaqa koronavirus pandemiyasining yangi o‘chog‘iga aylanishi mumkin. 

Foto: Reuters

Bu haqda Der Spiegel nashridagi maqolada aytilgan. Ayni vaqtda mintaqada koronavirusga chalinish holatlari soni deyarli 550 mingtaga yetgan. Virusdan o‘limlar soni bir oy ichida 8,5 martaga ko‘payib, 30 mingtadan oshgan. 

Hamma kasallanganlar va vafot etganlarning yarmi Braziliyaga to‘g‘ri kelmoqda (254220 nafar kasallangan va 16792 mingta o‘lim). 

Maqolada ta'kidlanishicha, mintaqaning ba'zi shaharlaridagi vaziyatni epidemiyaning AQSh va Yevropadagi eng yuqori darajalaridagi vaziyatga qiyoslash mumkin. “Peru poytaxti Limada odatdagidan 2 marta ko‘proq odam o‘lmoqda. Buni epidemiyaning Parijdagi eng yomon oyiga qiyoslash mumkin”, deyilgan maqolada.

Shuningdek, Braziliyaning 2 mln kishi yashaydigan Manaus shahrida o‘lim holatlari 3 marta ko‘paygan. Bunday statistika Yevropada eng og‘ir epidemiologik vaziyat kuzatilgan London va Madrid uchun xos bo‘lgan. Ekvadorning Guayakil shahrida avvalgi yillardagiga qaraganda 5 marta ko‘p odam vafot etgan va bu shahar “ikkinchi Nyu-Yorkka” aylanishi mumkin.

Shuningdek, Braziliyada koronavirusdan vafot etganlar ommaviy qabrlarga ko‘milmoqda: ular bir-birining ustiga taxlangan tobutlarda dafn etilmoqda. Bundan tashqari, mamlakatda koronavirusni aniqlash uchun testlar kam o‘tkazilmoqda. 

Maqolada Braziliyaning San-Paulu shahridagi shifokorlardan birining so‘zlari keltirib o‘tilgan. Uning ta'kidlashicha, Braziliyada koronavirusdan o‘limlar soni yuz minggacha yetishi mumkin va “eng yomoni hali oldinda”. Maqola muallifining fikricha, bunday prognozlar mamlakatda yetarlicha qat'iy bo‘lmagan karantin choralari va koronavirusni “kichkinagina gripp” deb atayotgan prezident Jair Bolsonaruning virusga nojiddiy munosabati bilan bog‘langan.

Bundan tashqari, Meksika Lotin Amerikasida koronavirusga chalinganlar va undan vafot etganlar soni bo‘yicha 3-o‘ringa chiqqaniga qaramay, mamlakatda karantin cheklovlari olina boshlandi. Bu orada virusologlarning ta'kidlashicha, Meksika poytaxti Mexikoda epidemiyaning eng yuqori darajasiga hali yetilmagan.

Shuningdek, qat'iy karantinga qaramay kasallik Peruda tobora avj olmoqda – Loretor regionida koronavirusdan har soat bir kishi vafot etmoqda. 

“Yevropa va AQSh bilan taqqoslaganda, Lotin Amerikasi ushbu inqirozga kam narsa bilan qarshilik qila oladi. Iqtisodiy turg‘unlik yillari mintaqaning bir qator davlatlarida sog‘liqni saqlash tizimida qisqartirishlarga olib kelgan. Himoya vositalari jahon bozorida ular boy davlatlar bilan raqobat qilishlariga to‘g‘ri kelmoqda”, deb xulosalagan o‘z fikrlarini muallif.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top