22:36 / 19.05.2020
70936
Prezident bank va soliq tizimini tanqid qildi

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar mavzuida o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev soliq va bank tizimidagi kamchiliklar haqida gapirdi hamda aksariyat davlat banklari berilgan mablag‘ni aylantirish hisobigagina yashab kelganini tanqid qildi.

«Bizda soliqchi soliq yig‘ish bilan, bank kredit berish bilan ovora bo‘lib keldi. Bu ikki sohaning ham dunyoqarashini o‘zgartiraman. Yil yakunigacha lozim bo‘lsa, qaror va qonun bilan qabul qilamiz. Endi ularning faoliyatiga qancha mijoz yopilishi bilan baho beramiz.

Soliqchi faqat soliqchi emas, tadbirkorga hamkor bo‘lsagina jamiyat o‘zgaradi. Hozir tadbirkor o‘zicha yopilib ketyapti, hech kimning ishi yo‘q. Oddiy til bilan aytganda, tadbirkor o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib yotibdi. U sho‘rlik bilan hech kimning ishi yo‘q!

Bank ostonasiga qadam qo‘ygan tadbirkorning dunyoqarashi o‘zgarishi kerak. U davlatga kerakli inson ekanini sezsin, ertaga u iqtisodiy barqarorlikni ta'minlashi uchun bank unga «vaksina» berishi kerak. «Adolat vaksinasi» – bu hisob-kitob, foyda vaksinasi, deganidir.

Ya'ni tadbirkorni o‘qitish tizimi bo‘lsin. Ular shunchaki, yopilib ketavermasin, u mijoz. U yana ishlab ketsa, ertaga solig‘ini ham to‘laydi, kreditini ham to‘lay oladi», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Prezident kelgusida davlat va xususiy banklar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti yaratish lozimligini ta'kidladi. Shuningdek, banklarning aholi yashash sharoitidan kelib chiqib jo‘yali loyihalar taqdim etmayotganini tanqid qildi.

«Ayniqsa, aksariyat davlat banklari shu vaqtga qadar davlat mablag‘larini aylantirish hisobigagina kun ko‘rib kelyapti. Eskicha ishlayapti», deydi Shavkat Mirziyoyev.

Top