20:20 / 19.05.2020
32945

Prezident yana ayrim davlat xizmatlarini xususiy sektorga o‘tkazishga topshiriq berdi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda davlat rahbari tomonidan qator vazifalar belgilab berildi.

«Ma'lumki, yil boshida xususiy notariuslikka ruxsat berilgani natijasida 617ta davlat notariusi xususiy bo‘ldi va budjetdan berilayotgan 200 milliard so‘m iqtisod qilindi.

Xuddi shuningdek, hozirgi kunda davlat idoralari ko‘rsatayotgan kadastr hujjatlarini tayyorlash, yer ajratishda toposuratga olish kabi xizmatlarni xususiy sektorga o‘tkazilsa, minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Adliya vazirligiga aniq hisob-kitob asosida, xususiy sektorga o‘tkazish mumkin bo‘lgan davlat xizmatlari ro‘yxatini shakllantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Karantin davrida ko‘pgina tashkilotlar to‘lov qobiliyatini yo‘qotib, bankrotlik yoqasiga kelib qolishi mumkin. Shu sababli, korxonaga sanatsiya qo‘llansa, uning soliq va boshqa to‘lovlardan qarzdorligi karantin tugaganidan keyin undirilishi mumkinligi belgilandi.

Davlat aktivlarini tadbirkorlarga sotish tizimi tanqid qilindi, unda haligacha byurokratizm saqlanib qolgan. Jumladan, auksionga qo‘yilgan ayrim yer uchastkalari va ko‘chmas mulk obektlarining investitsiya majburiyatlari yuqoriligi, infratuzilma rivojlanmagan joylardan ajratilgani sababli ularning 53 foizi ko‘pdan beri sotilmay turibdi. Shuningdek, 57ta tuman va shaharda so‘nggi 4 oyda tadbirkorlik uchun birorta yer uchastkasi auksionga chiqarilmagan. Joylarda davlat ulushi mavjud 552ta obekt bo‘sh turibdi.

Ushbu inshootlarda ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish, ayrimlarida kichik sanoat zonalari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bundan buyon kichik sanoat zonalari mulk huquqi asosida tashkil etilib, boshqaruvga xususiy sektor keng jalb qilinadi. Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hokimliklar bilan birga ushbu kichik sanoat zonalari joyini aniqlash, infratuzilmasiga mablag‘ ajratish, boshqaruvga xususiy sektorni keng jalb qilish bilan shug‘ullanadi. Ularni infratuzilmaga ulash uchun joriy yilda Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 200 milliard so‘m ajratiladi.

Pandemiya oqibatlarini yumshatish doirasida «Har bir oila – tadbirkor» dasturiga ajratilgan 1 trillion so‘m kredit mablag‘larini qaytarish muddati uzaytirildi. Shu bois, ushbu dasturni to‘liq amalga oshirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan 100 million dollar resurs ajratildi.

Prezident mahsulot, uskuna, xomashyo hamda aylanma mablag‘lar uchun kredit olishda tadbirkorlarga o‘rnatilgan barcha cheklovlar olib tashlanishi kerakligini ta'kidladi. Markaziy bankka kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik sub'yektlariga kreditlar berish shartlarini soddalashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Mahsulotlarga talabni yaratish uchun savdo faoliyatini rag‘batlantirish, aholining iste'mol qobiliyatini oshirish maqsadida iste'mol kreditlari berishni kengaytirish lozimligi qayd etildi.

Yig‘ilishda tijorat banklari oldidagi vazifalarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Xalq qabulxonalari va Bosh vazir qabulxonalariga kelgan murojaatlarning 55 foizi bank kreditlari bilan bog‘liqligi bu boradagi muammolar ko‘lamini ko‘rsatadi. Shuningdek, bank xizmatlari bo‘yicha tadbirkorlar murojaatlari Milliy bankda 10 foiz, Mikrokreditbankda 11 foiz, Agrobankda 13 foiz ijobiy hal qilingan, xolos.

Prezident bank faoliyatiga mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatiga qarab baho berilishini alohida qayd etdi.

Tijorat banklari kichik biznes rivojida muhim bo‘g‘in ekani, har bir tumandagi «o‘sish nuqtalari»ga mablag‘ yo‘naltirib, tadbirkor va fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashi zarurligi ta'kidlandi.

Mutasaddilar yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar ijrosini tashkil etish yuzasidan axborot berdi. 

Top