17:50 / 19.05.2020
13618
Sankt-Peterburgdan yana 250ga yaqin o‘zbekistonlik olib kelinmoqda

O‘zbekiston bugun Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridan 250 nafarga yaqin fuqarosini Toshkentga olib keladi. Bu haqda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ma'lum qilgan.

«Uzbekistan Airways seshanba kuni charter reys orqali Toshkentdan Peterburgga 41 nafar rossiyalikni yetkazdi. Charter reys uyga qaytishda O‘zbekiston fuqarolarini olib qaytadi. Pulkovo aeroportidagi onlayn-tabloga ko‘ra, uning parvozi Moskva vaqti bilan soat 13.30ga belgilangan», deyiladi xabarda.

Bu uzoq muddatli tanaffusdan so‘ng Rossiyaga tashkillashtirilgan uchinchi charter reys bo‘ldi. 

O‘tgan haftalarda Uzbekistan Airways tomonidan Rostov-Don va Qozonga charter reys amalga oshirilib, 191 nafar rossiyalik vataniga yetkazilgan va bu hududlardan 520 nafar o‘zbekistonlik Toshkentga olib kelingandi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 16 martidan O‘zbekiston xalqaro aviaqatnovlarni to‘xtatgandi. Shuningdek, temir yo‘l va avtomobil yo‘llari orqali O‘zbekistonga kirish va chiqish cheklangan. Xorijliklar O‘zbekiston hududiga kirishi va o‘zbekistonliklar xorijga chiqishi ham to‘liq taqiqlangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 may kungi videoselektorda xorijda 11 mingga yaqin o‘zbekistonlki qiyin ahvolda qolgani va ular «imkoniyatga qarab, baribir olib kelinishi kerak»ligini aytgandi.

Shundan so‘ng 11 maydan 24 mayga qadar O‘zbekiston fuqarolarini xorijdan olib kelish bo‘yicha 12ta charter reys amalga oshirilishi belgilangandi, shundan 7 ta reys Rossiyadagi o‘zbekistonliklarni olib kelishi rejalashtirilgan.

Xorijdan qaytarilgan barcha fuqarolar 14 kundan kam bo‘lmagan muddatga karantin markaziga joylashtiriladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top