12:41 / 19.05.2020
36671
AQSh JSSTga ultimatum qo‘ydi

Prezident agar 30 kun ichida tashkilot XXRdan mustaqilligini isbotlamasa va ichki islohotlarni o‘tkazmasa, AQSh uni moliyalashtirishdan to‘xtashi bilan tahdid qildi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)dan o‘z ishiga o‘zgartirishlar kiritishni va Xitoydan mustaqil ekanini 30 kun ichida isbotlashni talab qildi. Agar tashkilot talablarni bajarmasa, Vashington yakuniy tarzda JSSTni moliyalashtirishni to‘xtatadi. Bu haqda Trampning JSST rahbari Tedros Gebreyyesusga yo‘llagan maktubida aytilgan, uning nusxasi prezident tomonidan Twitter’da e'lon qilindi.

Moliyalashtirishni to‘xtatish bilan bir qatorda, AQSh ushbu tashkilotdagi a'zolikdan ham chiqib ketadi, deyiladi xatda. «Men amerikalik soliq to‘lovchilarining puli evaziga hozirgi holatida Amerika manfaatlarini ifoda etmaydigan tashkilot moliyalashtirilishi davom etishiga yo‘l qo‘ymayman», - deb yozdi Tramp.

Hujjatda aytilishicha, JSST koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash doirasida noto‘g‘ri qadamlar qo‘ydi, bu infeksiyaning keng tarqalishiga sababchi bo‘lgan Xitoyga qaramligi tufayli yuz berdi.

Xususan, prezidentning o‘z maktubida ko‘rsatishicha, JSST 2019 yilning dekabrida yoki undan oldinroq Uhanda virus paydo bo‘lgani haqidagi ishonchli xabarlarni mutlaqo e'tiborsiz qoldirgan va ma'lumotlarni tekshirmagan.

Bundan tashqari, Trampning ma'lum qilishicha, JSST o‘z bayonotlarida bir necha marotaba noaniqliklarga yo‘l qo‘ygan yoki hatto yolg‘onni da'vo qilgan. Xususan, 14 yanvar kuni JSST Xitoyning virus odamdan odamga yuqishi mumkin emasligi haqidagi xabarini tasdiqlagan, ammo Uhanning o‘zida bu rad etilgan. Shuningdek, Trampning yozishicha, 21 yanvar kuni XXR rahbari Si Tszinpin JSSTga ro‘y berayotgan hodisani favqulodda holat deb e'lon qilmasligi uchun bosim o‘tkazgan. Bir haftadan so‘ng ko‘plab dalillar baribir JSSTni bayonot berishga majbur qildi, deya qayd etdi prezident.

Shu bilan birga, tashkilot Xitoyning xatti-harakatlari «shaffofligi» to‘g‘risida bir necha bor ta'kidlagan, «garchi ular xohlagan narsani qildi, biroq shaffoflikni emas», deb yozadi Tramp. U, shuningdek, JSSTni Xitoyni pandemiya sabablarini tekshirishga chaqirmaganligi uchun tanqid qildi.

Aprel oyining o‘rtalarida Tramp JSSTni moliyalashtirish to‘xtatilganini ma'lum qildi, sababi tashkilot «asosiy majburiyatlarini bajarmadi va javobgarlikka tortilishi kerak». Prezidentning aytishicha, tashkilot xatti-harakatlari Xitoyning koronavirus haqida noto‘g‘ri ma'lumot tarqatishiga turtki berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh tomonidan moliyalashtirish hajmi Xitoyning hajmidan ancha yuqori - 40 million dollar o‘rniga 400-500 million dollar.

Shuningdek, u JSSTni isloh qilish zarurligini ta'kidladi va Qo‘shma Shtatlar ushbu masalani tashkilotning o‘zi bilan muhokama qilayotganini xabar qildi. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top