04:25 / 19.05.2020
31606
«Uning ahvoli juda og‘ir» - Habib Nurmagomedov koronavirus yuqtirgan otasi haqida gapirdi

Aralash jang san'ati bo‘yicha jahon chempioni, dog‘istonlik Habib Nurmagomedov salomatligi og‘ir ahvolda qolayotgan otasining holati haqida gapirgan.

Habibning otasi Abdumannob Nurmagomedov koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan ekan. Sportchining so‘zlariga ko‘ra, COVID-19 kasalligi yurakka asorat bergan (Habibning otasi bir yil muqaddam yuragida jarrohlik amaliyoti o‘tkazgan edi).

«Bizning Dog‘istonimizda ahvol juda og‘ir, qayg‘uli. Kasalxonalar to‘lgan. Ko‘plab insonlar virusdan kasallangan, ko‘plari o‘lgan. Hozir biz har doimgidan ham ko‘proq birlashishimiz kerak.

Otam ayni damda shifoxonada. Uning ahvoli og‘ir. Virus infeksiyasi fonida uning yuragiga og‘irlik tushgan, bir yil muqaddam otamning yurgani operatsiya qilingan edi. Hozir u yangidan operatsiyani boshidan kechirdi. Ayni damda ahvoli juda og‘ir. Allohdan uni bizga qaytarib berishini so‘raymiz.

Menga yozayotgan, qo‘llab-quvvatlayotgan, Allohdan otamning salomatligini so‘rayotgan barchaga tashakkur. Alloh barchamizga madadkor bo‘lsin. Barchamizni Alloh o‘z hifzu-himoyasida asrasin. Yana bir bor barchalaringizni muqaddas bayramimiz, kelayotgan hayit bilan tabriklayman.

Vrachlarning ko‘rsatmalariga amal qiling. Islom olamidagi nufuzli odamlarning ayni sharoitda ibodatlarni uyda bajarish haqidagi ko‘rsatmalariga itoat eting. Bayramni ham o‘z uyingizda o‘tkazing.

Kelinglar, birodarlar, butun tarixdan mashhur bo‘lib kelgan o‘z jasoratimiz, xarakterimiz, sabrimiz, intizomimizni namoyish etaylik». 

Rossiyaning Dog‘iston Respublikasida koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq holat murakkabligicha qolmoqda. Respublikada rasman 3460 kishi virus yuqtirgan. 1807 kishi tuzalgan. Dog‘istonda shifokorlar orasida koronavirus yuqtirib vafot etish holati 40 kishini tashkil etmoqda. Biroq rasmiy statistika jami o‘limlar soni 29 tani tashkil etayotganini qayd etmoqda.

Rossiya prezidenti ham Dog‘istonda koronavirusdan o‘lim holatlari yuqori ekanligini qayd etgan. Bunga sabab sifatida Putin vrachlarga kech murojaat qilish va o‘zini o‘zi davolashga harakat qilishni keltirgan. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top