21:00 / 19.05.2020
5146

Xususiy maktab o‘quvchini boshqa maktabga olib ketishni talab qilishi noqonuniy - Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi rahbari Elmurot Xaitmetov xususiy maktablar iste'molchidan ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq talab qilishga haqli emasligini ma'lum qildi.

Xususiy maktablar o‘quvchilarga faqat masofaviy darslarni berish, shuningdek, maktabdan foydalanish xarajatlarini hisobga olgan holda to‘lovlarni qayta ko‘rib chiqishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ya'ni transport, ovqatlantirish va boshqa qo‘shimcha to‘garaklar xarajatlarini chegirib tashlagan holda iste'molchi bilan shartnomaga qo‘shimchalar kiritish kerak. Bu haqida Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori Elmurot Xaitmetov aytib o‘tdi.

U ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan masala – karantin davrida xususiy maktablardagi to‘lov masalasiga to‘xtaldi.

«Bu borada agentligimizga bir qator arizalar kelib tushdi. Arizalarni o‘rganish jarayonida shu narsa ma'lum bo‘ldiki, xususiy maktablarda shartnomalar har xil shaklda tuzilgan: bir-biriga o‘xshash emas, namunaviy shaklda tuzilmagan.

Bugungi kunda pandemiya sababli respublikamizda joriy etilgan karantin davri fors-majorga tenglashtirildi. Shartnomalarda fors-major shartlari nazarda tutilmagan. Aksariyat shartnomalarda xususiy maktablar tomonidan ota-onalar farzandlariga ko‘rsatilgan xizmatlar – O‘zbekiston ta'lim standartlari darajasida bilim berish, o‘quvchilar uchun boshqa sharoitlarni yaratish, masalan,to‘rt mahal ovqatlantirish, ayrim xususiy maktablarida o‘z transportida tashish kontrakt qiymatiga kiritilgani ma'lum bo‘ldi.

«Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun talablaridan kelib chiqib, [xususiy maktablar] iste'molchidan ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq talab qilishga haqli emas. Bu qonunchiligimizning 21-moddasi bilan belgilangan. Shu talablardan kelib chiqib, xususiy maktablar o‘quvchilarga faqat masofaviy darslarni berish, shuningdek, maktabdan foydalanish xarajatlarini hisobga olgan holda to‘lovlarni qayta ko‘rib chiqishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ya'ni transport, ovqatlantirish va boshqa qo‘shimcha to‘garaklar xarajatlarini chegirib tashlagan holda iste'molchi bilan shartnomaga qo‘shimchalar kiritishi kerak bo‘ladi. Buni talab qilishga ota-onalar haqli. Ularning huquqlari «Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun bilan kafolatlangan. Shundan kelib chiqib, shartnoma tuzilishini talab qilish mumkin.

Mabodo xususiy maktablar shartnomalarga o‘zgartirishlar kiritishdan bosh torsa, bizning agentligimiz yoki sud idoralariga murojaat qilish mumkin», deydi Elmurot Xaitmetov.

Mazkur masala yuzasidan kelishuvga erishilmaganida ayrim xususiy maktablar tomonidan o‘quvchini boshqa maktabga ko‘chirish talabi qo‘yilgani haqida gapirildi.

«Kelishuvga erishilmaganida xususiy maktablar ota-onalardan farzandlarini ushbu maktabdan boshqa maktabga olib ketish talablarini qo‘ygan holatlar mavjud. Bunday talablar noqonuniy. Adliya vazirligida 2684-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tgan tartibga ko‘ra, davlat maktablarida yil davomida o‘quvchilarni maktabdan maktabga ko‘chirish masalasi bor, faqat chorak yakuni bilan. Chorak yakunlanmasdan o‘quvchilarni maktabdan maktabga ko‘chirish mumkin emas.

Mamlakatimizda ta'lim majburiy, shundan kelib chiqib, chorak yakunlanmasdan xususiy maktablar shartnomalarda kelishuvga erishilmaganligi sababli o‘quvchilarni ko‘chirish masalasini talab qilishga haqqi yo‘q», deydi agentlik direktori.

Top