18:44 / 19.05.2020
2749
Yevroittifoq JSSTni qo‘llab-quvvatlashini e'lon qildi

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp JSST bosh direktoriga maktub yo‘llab, agar 30 kun ichida tashkilot ichki islohotlarni o‘tkazmasa, AQSh uni moliyalashtirishni to‘xtatishi bilan tahdid qilgandi.

Foto: Reuters

COVID-19 pandemiyasi vaqtida JSSTning harakatlarini tahlil qilishni vaqtincha ortga surishga to‘g‘ri keladi, hozirda koronavirusga qarshi xalqaro kurashga e'tibor qaratish kerak, dedi YeI diplomatiyasi rahbari vakili Virjini Battyu.

U Yevropa ittifoqi JSSTning koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashdagi sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini ta'kidladi.

"Hozir xalqaro hamkorlikni uzadigan emas, har qachongidan ham birlashadigan vaqt", - dedi Battyu.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesusga maktub yo‘llab, agar 30 kun ichida tashkilot XXRdan mustaqilligini isbotlamasa va ichki islohotlarni o‘tkazmasa, AQSh uni moliyalashtirishni to‘xtatishi bilan tahdid qilgandi.

Agar tashkilot talablarni bajarmasa, Vashington yakuniy tarzda JSSTni moliyalashtirishni to‘xtatadi.

Moliyalashtirishni to‘xtatish bilan bir qatorda, AQSh ushbu tashkilotdagi a'zolikdan ham chiqib ketadi, deyiladi maktubda.

«Men amerikalik soliq to‘lovchilarining puli evaziga hozirgi holatida Amerika manfaatlarini ifoda etmaydigan tashkilot moliyalashtirilishi davom etishiga yo‘l qo‘ymayman», - deb yozdi Tramp.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top