10:57 / 20.05.2020
15624
Inqirozga qarshi choralar, dollar kursi va qishloq xo‘jaligi. Ekspert bilan suhbat

MFactor loyihasi doirasida Massachusets texnologiya instituti bitiruvchisi, biznes tahlilchisi Nodir Nurmatov bilan suhbat uyushtirildi. Ekspert karantindan so‘ng biznesni saqlab qolish bo‘yicha fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Foto: YouTube/ MFaktor

O‘zbekiston iqtisodiyotni saqlab qolish borasida qaysi ishlarni to‘g‘ri amalga oshirmoqda va qanday xatolarga yo‘l qo‘yilmoqda?

— Nazarimda, O‘zbekiston devalvatsiya qiladigan vaqt kelib qoldi. Uch yildan beri kurs barqaror ushlab turilibdi, koridor juda ham tor. O‘zbekiston buni oltin kuchi bilan ushlab turibdi. O‘zbekistonning oltin qazib chiqarishi, sotishini hisoblab chiqdim. 2019 yilda 2000-yillardan beri birinchi marta sotilgan oltin miqdori qazib chiqarilgan oltindan ko‘proq bo‘lishi mumkin. Bungacha har doim ko‘proq qazib chiqarilgani ko‘p bo‘lardi.

Rasmiy ma'lumotlar chiqmaganida men shunday hisob-kitob qilgandim. Hozir rasmiy ma'lumotlarni kutib turish kerak. Bu degani bizning yer tagidan chiqqan oltinimiz dollarga aylanib, chet elga chiqib ketyapti. So‘mimiz mustahkam bo‘lganidan keyin biz uchun chet elning tovari arzonroq tushadi-da, ichki ishlab chiqargan tovarimiz raqobatbardoshligini yo‘qotib qo‘yyapti. O‘zbekistonning ichida 40 foizdan ortiq bojxona tariflari bor. Lekin eksport qilishga bizning tovarimiz raqobatsiz bo‘lyaptimi, deb o‘ylab qolaman. Menimcha, hozir sal devalvatsiya kerak. Agar devalvatsiya bo‘lsa, o‘zbekistonliklarga chet el tovari qimmatroq bo‘ladi-da, O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari tovarlarini ko‘proq olamiz. Biznesga katta yordam bo‘ladi.

Sizningcha, dollar kursi yil oxirigacha oshadimi? Oshsa, qanchagacha?

— Bunday prognoz qilish qiyin narsa, ayniqsa O‘zbekiston sharoitida. Chunki bu yerda valutaning narxi ochiq bozordagi savdo-sotiqda emas, ko‘proq siyosiyroq tomondan aniqlanadi. Adashishim mumkin, lekin mening fikrimcha, 2020 yil oxiriga borib, rasmiy kurs 12 ming so‘mga kelib qolsa kerak.

O‘zbekistonda qishloq sharoitida qanday bizneslarni amalga oshirish mumkin?

—Bu yil dunyo miqyosida oziq-ovqat inqirozi kelib qolishi mumkin. Amerika misolida aytsak, ularda yangiliklarda ko‘p ochiladi. Fermerlar mollarini evtanaziya qilib o‘ldirib qo‘yishyapti. Lekin do‘konlarda go‘sht yo‘q. Nima uchun? Karantin tufayli logistika – uni so‘yish, saqlash, yetkazib berish zanjiri buzilgan. Misol uchun, ko‘p fermerlarni ko‘rsatishdi, ming tonnalab sutlarni hojatxonalarga to‘kib yuborishyapti. Chunki maktablar yopiq, qayta ishlashga aynan u fermada quvvat yo‘q. Yetib borishi kerak bo‘lgan joyga borgunicha haydovchilar karantinda bo‘lgani uchun sut achib qolyapti.

Afrikada esa qishloq xo‘jaligi ekinlarini chigirtka yeb qo‘yyapti. Bu yil Jahon banki hisob-kitobi bo‘yicha 1,3 milliard odam ochlikka duch kelishi mumkin. Rossiya don mahsulotlarining eng katta eksportchisi hisoblanadi. Bizga grechka va boshqa don mahsulotlari Rossiyadan keladi. Bug‘doy va kartoshka Qozog‘istondan keladi. Ular tovarlarni o‘zimizga qoldiramiz deb chegarani yopib qo‘yishdi. Bu yil bahor faslida karantin tufayli ko‘p mamlakatlarda ekish mavsumi kechikib ketdi.

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligining iqtisodiyotdagi ulushi katta. Bu odatda yaxshi ko‘rsatkich emas. Rivojlangan davlatlarda qishloq xo‘jaligi 2-4 foizni tashkil etsa, bizda menimcha 30 foizdan ortiq edi. Bu yil O‘zbekistonning kuchi shunda bo‘ladi. Oziq-ovqat yetkazganlarning bozori har doim yaxshi bo‘ladi. Bu inqirozga qarshi biznes. Odamlarning ishi yaxshimi, yomonmi har doim ovqat yeyishi kerak.

Menimcha, tovarlar tez buzilishining oldini olish, ehtimol quritib qo‘yish kerakdir. Go‘sht yetkazib berish – juda ham zo‘r biznes.

O‘zbekiston va Qozog‘iston okeanga chiqa olmaydi, buni kamchilik deb hisoblashadi. Bizning eng katta okeanimiz – Xitoy. Nima yetkazsak ham iste'mol qilinadi. Saudiya Arabistoni, Eronga ham go‘sht mahsulotlarini muzlatilgan holda yuborish mumkin.

Shuning uchun oziq-ovqat biznesi bilan shug‘ullasangiz, bu yil bundan yaxshi biznes bo‘lmasa kerak.

To‘liq suhbatni MFactor’ning Youtube’dagi sahifasi orqali tomosha qilish mumkin.

Top