00:01 / 20.05.2020
25630
Ko‘rshapalaklar organizmida mingdan ko‘proq turdagi koronaviruslar aniqlandi. Ulardan ba'zilari yangi pandemiyaga olib kelishi mumkin

Uhandagi virusologiya instituti xodimasi Shi Chjenli ko‘rshapalaklar organizmida 1,5 mingga yaqin yangi turdagi koronaviruslarni aniqladi. Ulardan bir qismi kelgusida yangi pandemiyalarga sabab bo‘lishi mumkin. 

Foto: REUTERS

Bu haqda The Big Picture Science podcast podkasti mualliflari ma'lum qilishdi.

Olimlar ko‘rshapalaklarni tutib, ularning biologik ma'lumotlarini yig‘ishgan. Hammasi bo‘lib ko‘rshapalaklardan olingan 15 mingga yaqin so‘lak, qon va najas namunalari tahlil qilingan. Olimlar tadqiqot davomida namunalarning 10 foizida 1,5 ming turdagi koronaviruslarni aniqlashgan. Bu viruslar institutda saqlab qo‘yish uchun muzlatib qo‘yilgan.

“Bu viruslardan aksariyati hech qachon odamlarga yuqmaydi, biroq ba'zilarida bunga moyillik bo‘lishi mumkin. Hozirda ulardan qaysi biri odamga o‘tishi mumkinligini aniqlash bo‘yicha tajribalar o‘tkazilmoqda”, deyilgan xabarda.

Ta'kidlanishicha, topilgan ba'zi koronaviruslarga antitanalar Xitoy janubidagi qishloq aholisi qonida topilgan. Bu esa yangi turdagi SARS-CoV-2 koronavirusi Uhan shahridan emas, balki ko‘rshapalaklar ko‘plab yashaydigan g‘orlar yaqinida joylashgan qishloq joylaridan tarqalgan bo‘lishi mumkinligidan darak beradi. 

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, hali o‘zini “ko‘rsatmagan”, biroq kelgusida bunga qodir bunday ko‘p miqdorda koronaviruslar aniqlangani “sekin harakatga keluvchi bomba” hisoblanadi. Hozirgacha turli tipdagi koronaviruslar uchta epidemiyaga olib kelishga ulgurdi. Gap 2003 yilda atipik zotiljam keltirib chiqargan SARS, 2012 yilda avj olgan Yaqin Sharq respirator sindromi MERS va 2019 yil oxirida avj ola boshlagan hozirgi SARS-CoV-2 koronaviruslari haqida bormoqda.

Top