15:20 / 20.05.2020
5868
Maykl Jordanning krossovkasi auksionda 560 ming dollarga sotildi
Foto: Nike

Afsonaviy basketbolchi Maykl Jordanning krossovkasi auksionda 560 ming dollarga sotildi. Bu haqda Reuters xabar bergan.

Sotheby’s auksionida sobiq basketbolchi Maykl Jordanning imzosi qo‘yilgan «Air Jordan 1s» krossovkasi sotuvga qo‘yildi. 1985 yil Jordan uchun maxsus tayyorlangan oyoq kiyimi basketbolchining boshqa krossovkalari kabi ikki xil o‘lchamda bo‘lgan: chapi 47, o‘ngi 47,5.

Bu oyoq kiyimni Jordan «Chikago Bullz» jamoasida o‘ynagan vaqtida kiygan. O‘shanda (1985 yil) u 22 yoshda bo‘lgan va milliy basketbol assotsiatsiyasida «Yil kashfiyoti» deb topilgan. Auksion tashkilotchilari afsonaviy sportchining oyoq kiyimi ko‘pi bilan 150 ming dollarga sotilishini kutgandi, ammo narx savdo tugashigacha oshib borib, 560 ming dollargacha yetdi.

Jordanning krossovkasini auksionga kolleksioner Jordan Geller qo‘ygandi. Ma'lumot uchun, u «Shoezeum» nomli dunyodagi birinchi krossovkalar muzeyini ochgan. Jordanning mashhur krossovkasini sotib olish uchun oltita mamlakatdan odamlar qatnashdi. NBA yulduzining krossovkasi sport oyoq kiyimlari bo‘yicha Sotheby's rekordini o‘rnatdi. Avvalgi rekord Nike tomonidan 1972 yilgi Myunxen olimpiadasida yugurish bo‘yicha qatnashchilar uchun 12 dona tayyorlangan «Moon Shoe» krossovkasiga tegishli edi (437 500 dollar).

Ma'lumot uchun, «Air Jordan» (uchuvchi Jordan) basketbolchi Maykl Jordanning laqabi hisoblanadi. U bu nomni o‘yinlar davomida juda baland sakray olgani uchun olgan. «Basketbol qiroli» sifatida e'tirof etiladigan Jordan faoliyati davomida ikki karra olimpiada chempioni bo‘lgan va 6 marta NBA g‘olibligini qo‘lga kiritgan.

Top