22:10 / 20.05.2020
19148

O‘zbekistonda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish 2021 yilgacha to‘xtatildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Farmonga asosan, qonunchilikni tizimlashtirish va ortiqcha huquqiy tartibga solishni kamaytirish maqsadida 2020 yil 1 iyuldan 2021 yil 1 yanvargacha idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish to‘xtatiladi.

O‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi, shuningdek, unifikatsiya qilishni nazarda tutuvchi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish bundan mustasno.

Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish 2020 yil 1 iyuldan boshlab sinov tariqasida, 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab esa to‘liq Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yili tasdiqlangan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasida idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni bosqichma-bosqich kamaytirish va turli idoralarning norma ijodkorligi vakolatlarini cheklash belgilangan edi.

Idoraviy normativ-huquqiy hujjat — vazirlik, davlat qo‘mitasi va idora tomonidan belgilangan tarzda qabul qilingan, umum majburiy davlat ko‘rsatmalari sifatida huquqiy normalarni belgilashga, o‘zgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjat.

Top