14:05 / 20.05.2020
28535

Uch hududda yana 28 kishi koronavirusdan tuzaldi, Qoraqalpog‘istonda 6 bemor qoldi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Qoraqalpog‘iston, Namangan va Toshkentda jami 28 bemor koronavirusdan tuzalgani haqida xabar berdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 6 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi.

Tuzalib chiqqanlarning barchasi erkak bo‘lib, Rossiyadan kelgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, shifoxonaga yotqizilgan. Sog‘ayganlarning 3 nafari Buxoro viloyatidan, 2 nafari Xorazm viloyatidan, 1 nafari esa Navoiy viloyatidan. Ular orasida eng yoshi kattasi 48 yoshda bo‘lsa, eng kichigi 21 yosh.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida shu vaqtgacha 124ta kasallanish holati qayd etilgan, hozirda kasallikdan tuzalganlar soni 118 nafarga yetdi. Ayni vaqtda respublikadagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasasida yana 6 bemor davolanishni davom ettirmoqda. So‘nggi uch kunda ushbu hududda yangi kasallanish holatlari qayd etilmadi.

Namangan viloyatida 5 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor tuzaldi va reabilitatsiyaga kuzatildi.

Tuzalib chiqqanlarning barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqot qilib, kasallikni yuqtirib olishgan. Ularning 1 nafari erkak, 4 nafari ayollardir. Sog‘ayganlarning barchasi Namangan viloyatidan (4 nafari Namangan tumanidan, 1 nafari esa Namangan shahridan). Ular orasida eng yoshi kattasi 66 yoshda bo‘lsa, eng kichigi 14 yosh.

Viloyatda shu paytga qadar 250ta kasallanish holati qayd etilgan, hozirda tuzalib  chiqqanlar soni soni 219 nafarga yetdi. Viloyatda 4 bemor kasallikdan vafot etgan, ayni vaqtda 27 bemor shifoxonada davolanishni davom ettirmoqda. Ushbu hududda so‘nggi to‘rt kunda yangi kasallanish holatlari qayd etilmadi.

Toshkent shahridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 14 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 3 nafar, jami 17 nafar bemor butunlay sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganning 7 nafari erkak, 7 nafari ayollardir. Ularning 6 nafari chet eldan (4 nafari Tojikistondan, 1 nafari BAAdan, 1 nafari esa Rossiyadan) kelgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Qolgan 8 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, 6 nafari Toshkent viloyatidan, 2 nafardan Toshkent shahri, Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan. Bemorlar orasida eng yoshi kattasi 44 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 2019 yilda tug‘ilgan qizaloqdir. 

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 3 nafar tuzalganlarning barchasi erkak (38 yosh, 40 yosh va 47 yosh). Ulardan 2 nafari Farg‘ona viloyatidan bo‘lib, Qozog‘istondan kelgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. 1 nafari esa Tojikiston fuqarosi bo‘lib, uzoq masofaga qatnovchi yuk avtomashina haydovchisi hisoblanadi. Hozirda ularning barchasi kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Toshkent shahrida shu paytga qadar 796 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 813 nafarga yetdi. 

Ayni paytda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 2366 nafarni tashkil etmoqda, shifoxonalarda 501 bemor davolanmoqda va ulardan 6 nafarining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top