10:47 / 20.05.2020
3342
UZEX birjasi elektron tanlov va tender savdo tizimini ishga tushirdi

O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali xarid.uz ning operatori sifatida elektron tanlov va tender savdo tizimini etender.uzex.uz yangi vebsaytida ishga tushirdi.

Davlat xaridlari bo‘yicha yangi elektron savdo tizimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 dekabrdagi PQ-4544-son «Davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va davlat xaridlari jarayoniga tadbirkorlik sub'yektlarini keng jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq ishlab chiqildi va joriy etildi. Bu 2020 yil – «Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da birja tomonidan amalga oshirilgan ikkinchi (birinchi loyiha – yangilangan KYaS) yirik loyiha hisoblanadi.

Davlat xaridlari bo‘yicha yangi tizimni yaratishdan ko‘zlangan asosiy maqsad tanlov va tenderlarning shaffofligi va samaradorligini oshirish, hamda davlat xaridlari jarayoniga tadbirkorlik sub'yektlarini keng jalb qilishdan iboratdir.

Davlat xaridlari bo‘yicha tanlov va tenderlarni yangi tartibda o‘tkazilishi bir qator afzalliklarga ega, shu jumladan:

1. Tanlov va tenderlar elektron shaklda o‘tkaziladi. Tanlov va tenderlarda buyurtmachi va yetkazib beruvchilar aksariyat operatsiyalarni shaxsiy kabinet orqali amalga oshiradilar. Masalan, tanlov va tenderda ishtirok etish uchun barcha hujjatlar elektron shaklda yuboriladi. Bundan avval ushbu hujjatlar konvertda, ya'ni qog‘oz shaklida yuborilar edi.

2. Yetkazib beruvchilarning takliflari belgilangan mezonlar asosida avtomatik tarzda baholanadi. Tanlov va tender g‘oliblarini aniqlashning boshlang‘ich bosqichida kelib tushgan takliflar belgilangan mezonlar asosida avtomatik tarzda, ya'ni inson omilisiz, elektron tizim tomonidan baholanadi.

3. Tanlov va tenderning g‘oliblari shaffoflik va oshkoralik tamoyillari asosida aniqlanadi. Tanlov yoki tender yakunlariga ko‘ra qabul qilinadigan qarorlar elektron bayonnoma shaklida xarid komissiyasi a'zolari tomonidan elektron raqamli imzodan foydalangan holda rasmiylashtiriladi. Savdo g‘olibi bilan shartnoma ham elektron shaklda tuzilib, taraflarning elektron raqamli imzo bilan imzolanadi va shartnomalar reyestriga kiritiladi. Shuningdek tanlov va tenderning natijalari davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida oshkor etiladi.

Qo‘shimcha ma'lumot uchun, UZEX birjasining Call-markazi operatorlari va mutaxassislariga @uzexfeedbackbot telegram boti yoki quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishingiz mumkin:

71 207-00-33 (11-62 qisqa raqam)

71 213-33-45

71 213-33-51

«O‘zRTXB» AJ PR bo‘limi

Top